Qashqadaryoda yana shifokor do‘pposlandi
Jamiyat
−
05 noyabr 2022
6869Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli Uyshun oilaviy poliklinikasida xizmat vazifasini bajarib turgan 59 yoshli shifokor kaltaklandi. Bu haqda viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi Matbuot xizmati xabar berdi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 3 noyabr kuni kech soat 18:30 atrofida poliklinikada 35 yildan buyon umumiy amaliyot shifokori (ayni paytda oilaviy shifokor) bo‘lib ishlab kelayotgan X.D. qabuliga bir notanish erkak 2 nafar ayol bilan kelgan. Erkak shifokorga turmush o‘rtog‘ining betobligini aytib, uni tekshirib qo‘yishini so‘ragan. Shifokor unga bemorni tekshirguniga qadar oyoq kiyimidagi loyni tashqarida yuvib kelishini aytgan. Shundan so‘ng erkak shifokorni haqoratlab, bo‘ynidan bo‘g‘ib, ayovsiz mushtlab, tepkilab tashlagan.
Olgan jarohatlari natijasida shifokor hushini yo‘qotgan va Chiroqchi tumani tibbiyot birlashmasi shoshilinch tibbiy yordam bo‘limiga “Peshona, ikkala yonoq, yuz, burun usti, bo‘yin sohasi yumshoq to‘qimalari lat yeyishi, ko‘kargan jarohatlari, tirnalmalar, bosh chayqalishiga gumon” tashxisi bilan yotqizilgan. Ayni paytda davo muolajalari davom ettirilmoqda.
Mazkur holat viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi nazoratiga olingan, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan o‘rganilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning oktyabr oyida Toshkentning Yakkasaroy va Mirobod tumanlarida, Qashqadaryoning G‘uzor, Surxondaryoning Denov va Angor tumanlarida tibbiyot xodimlarining kaltaklanishi kuzatildi.
LiveBarchasi