Qashqadaryoda uylanib, turmush o‘rtog‘i bilan Suriyaga ketmoqchi bo‘lgan fuqaro ushlandi
3-sahifa
−
16 mart 2022
8389Rossiyada ishlash davrida xalqaro terroristlar ta’siriga tushib, ularning g‘oyalarini o‘z yaqinlariga tarqatganlikda gumonlanayotgan bir qancha fuqaro qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Bildirilishicha, 1975 yilda Shahrisabz tumanida tug‘ilgan Q.G‘. 2017-2020 yillarda Rossiya Federatsiyasida ishlashi davrida ijtimoiy tarmoqlar orqali “Jihodchilar” diniy ekstremistik oqimi (DEO) a’zolari ta’siriga tushib, ularni qo‘llab-quvvatlagan. Doimiy yashash manziliga qaytib kelganidan keyin, o‘z atrofidagilarga ushbu oqim g‘oyalarini targ‘ib qilgan va 6 kishidan iborat noqonuniy guruh tashkil etgan.
Qayd etilishicha, boshqa holatda esa 1995 yilda Kasbi tumanida tug‘ilgan T.M. 2016-2021 yillarda mehnat migranti sifatida Moskva shahrida bo‘lgan davrida diniy-ekstremistik va aqidaparstlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan materiallarni ko‘rib, ekstremistik oqim tarafdorlari ta’siriga tushib qolgan. Doimiy yashash manziliga qaytganidan keyin, ekstremistik mazmundagi materiallarini yaqin tanishlariga targ‘ib qilishni boshlagan. Shuningdek, u kelgusida uylanganidan so‘ng, turmush o‘rtog‘i bilan birga Suriyadagi terroristik tashkilotlar safiga borib qo‘shilishni rejalashtirgan.
Bundan tashqari, Mirishkor tumanida yashovchi, 1996 y.t. T.J. Telegram messenjerida profil ochib, u orqali DEO a’zolari tomonidan tayyorlanib, xalqaro internet tarmog‘iga joylashtirilgan aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan materiallarni virtual guruhdagi do‘stlariga tarqatgan hamda ular bilan o‘zaro muhokama qilgan.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari doirasida, ularning boshqa aloqalarini aniqlash bo‘yicha ham tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.