Qashqadaryoda tok urishi oqibatida vafot etgan elektrikning oilasiga 126 mln so‘m to‘lab beriladi
Jamiyat
−
09 yanvar
2588Qashqadaryo viloyatidagi paxta titish korxonasida mehnat vazifalarini bajarayotgan vaqtda elektr toki urishi oqibatida vafot etgan elektrikning oilasiga 126 mln so‘m to‘lab beriladi. Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi xabar berdi.
Qashqadaryolik F.A. 2023 yil 28 iyun kuni paxta titish korxonasida mehnat vazifalarini bajarayotgan vaqtda elektr toki urishi oqibatida vafot etgan. Biroq vafotidan so‘ng uning oilasiga korxona tomonidan moddiy yordam ko‘rsatilmagan. Marhumning turmush o‘rtog‘i F.U. korxona tomonidan to‘lanishi lozim bo‘lgan bir martalik nafaqa hamda oyma-oy zarar to‘lovlarini undirishda amaliy yordam so‘rab Qashqadaryo viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi Davlat mehnat inspeksiyasiga murojaat qilgan.
Murojaat belgilangan tartibda o‘rganilib, fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkabog‘ tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritilgan. Sudning hal qiluv qaroriga asosan F.U. foydasiga (o‘zi va voyaga yetmagan 2 nafar farzandi uchun) 126 million so‘m miqdoridagi pul mablag‘larini undirish belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyatida ish vaqtida vafot etgan xodimning oila a’zolariga 485,7 million so‘m mablag‘ to‘lanishi belgilangandi.
LiveBarchasi