Qashqadaryoda tarixiy yodgorlik buzib tashlandi

3-sahifa

image

Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida ikki fuqaro tomonidan “Kunjutlitepa” arxeologiya yodgorligi buzib tashlangani aniqlandi. Bu haqda Madaniy meros agentligi ma’lum qildi.

Yakkabog‘ tumanida yashovchi fuqarolar R.O. hamda A.O. tomonidan 2022 yil avgust oyida “Darxon” mahallasida joylashgan “Kunjutlitepa” arxeologiya yodgorligi buzib tashlangan.

Madaniy meros agentligi viloyat boshqarmasi mas’ullari tomonidan buzishni to‘xtatish haqidagi ogohlantirishlarga qaramay, fuqarolar yodgorlik hududidagi balandligi 4 metr, eni 22 metr bo‘lgan tepalik tuprog‘ini surib tashlashgan. Oqibatda madaniy meros ob’ekti qayta tiklanmaydigan darajaga kelib qolgan.

Ushbu holat bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilib, ishni Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkabog‘ tuman sudi tomonidan ko‘rib chiqilgan. Hal qiluv qarorga ko‘ra, fuqaro A.O.ga Jinoyat kodeksining 28, 132-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni qilganlikda aybli deb topilib, unga nisbatan 3 yil 6 oyga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. 

Uning sherigi fuqaro R.O. Jinoyat kodeksining 132-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni qilganlikda aybli deb topilgan. Fuqarolar – R.O. va A.O.ga sherikchilik tartibida yetkazilgan 47 milliard 520 mln so‘mlik zararni undirish belgilangan.


Maqola muallifi

Teglar

Qashqadaryo yodgorlik Kunjutlitepa

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing