“Hisorak” suv omboriga nima bo‘ldi?

Tahlil

Kechagi tun qashqadaryoliklar uchun vahimali va uyqusiz tun bo‘ldi. Viloyatning Shahrisabz va Kitob tumanlari aholisi yarim tunda uy-joyini tashlab, o‘zlari yashab turgan hududdan ketmoqchi bo‘ldi. Gap shundaki, kecha, 10 iyun kuni Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida joylashgan “Hisorak” suv omboridan suv sizib chiqishni boshlagan. Bundan xabar topgan odamlar ko‘p vaqt o‘tmay toqqa, ba’zilari Toshkentga qarab yo‘l olgan.

Voqea qanday boshlandi?

Kecha tungi soat 11 larda ijtimoiy tarmoqlarda “Hisorak” suv omborida yoriq paydo bo‘lgani, inshootdan suv sizib chiqayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Birozdan so‘ng odamlar uylarini tashlab ketayotgani aks etgan videotasvirlar ham paydo bo‘la boshladi. Shundan keyin vaziyatga Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan rasmiy munosabat bildirildi.

“Bugun, 10 iyun kuni Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida joylashgan “Hisorak GES” UK boshqarmasiga qarashli “Hisorak” suv ombori to‘g‘onining chap tarafidan qo‘shimcha tunnel ochish maqsadida olib borilayotgan muhandislik-texnik tadbirlari vaqtida suv sizib chiqishi holati kuzatilgan.

Avariya oqibatini bartaraf etish maqsadida "O‘zbekgidroenergo" AJ boshqaruvi raisi rahbarligida viloyat hokimi, FVB, IIB boshliqlari va boshqa mutasaddi tashkilotlardan iborat tezkor shtab tuzilib, maxsus texnikalar yordamida barcha zarur muhandislik tadbirlar olib borilmoqda. Vaziyat Favqulodda vaziyatlar vazirligi nazoratida. Suv omboriga shikast yetmagan. Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar yo‘q. Hurmatli fuqarolar, ortiqcha xavotirga o‘rin yo‘q. Vaziyat to‘liq nazoratga olingan”, deb yozdi vazirlik.

Shuningdek, Shahrisabz tuman hokimi va Qashqadaryo viloyat FVB boshlig‘i ham videomurojaat bilan chiqib, jiddiy hodisa yuz bermaganligini ma’lum qilishdi va aholidan uy-joylarini tashlab ketmaslikni so‘radi.

“Har yili yoz boshida “Hisorak” suv omboridan Qamashi tumanidagi Chimqo‘rg‘on suv omboriga suv yo‘naltiriladi. Chunki cho‘l hududlarimizda paxta-g‘alla ko‘p ekiladi. Tadbir bu yil ham boshlandi. Bundan tashqari “Hisorak” suv omborida har yili ta’mirlash ishlari ham olib boriladi. Ta’mirlash ishlari davom etmoqda. Shuning uchun aholimizdan yolg‘on va vahimali ma’lumotlarga ishonmasliklarini so‘rar edik”, deydi tuman hokimi Samad Hasanov.

Shahrisabzdagi mahallalardan birining profilaktika inspektori odamlarni uydan chiqib ketgach o‘g‘irliklar ko‘payishi mumkinligidan ogohlantirdi.

“Hech qanday vahimaga tushmanglar suv ombor masalasi bo‘yicha. Suv omborga borib, hozir ko‘rib keldim, betonlab tashladi, ozginagina suv chiqqan faqat. Uyni tashlab, o‘g‘rilik bo‘lib, chopib yurmanglar. Hech qanaqa muammoli narsa bo‘lgani yo‘q, vahimaga tushmanglar, uyda bemalol damni olaveringlar”, deydi mahalla inspektori.

Hozir vaziyat qanday?

Favqulodda vaziyatlar vaziri Abdulla Qo‘ldoshev "Hisorak" suv omboridagi vaziyat bo‘yicha suv ombori yonida turib rasmiy bayonot berdi. QALAMPIR.UZ vaziyatni yanada oydinlashtirish maqsadida Kitob tumanidagi fuqarolar bilan suhbatlashdi.

“Suvombori yorilganini eshitib, endigina narsalarimizni yig‘ishtirib uydan ketmoqchi bo‘lib turgan edik. Favqulodda vaziyatlar xodimlari bizni to‘xtatdi va hammasi yaxshi ekanini, agar biron gap bo‘lsa, o‘zlari bizni evakuatsiya qilishini aytdi. Biz yashaydigan mahalladan hech kim ketmadi”, deydi kitoblik qiz.

Shahrisabz tumani matbuot kotibi esa shahrisabzliklar hozir o‘z uyida ekani, “Hisorak” suv omborida vaziyat barqarorligi, hatto u yerda barpo etilgan dam olish maskanlari ham ish faoliyatini davom ettirayotganini aytdi.

“Hisorak” suv ombori haqida ma’lumot

“Sardoba”dan farqli ravishda “Hisorak” suv ombori ancha yil oldin, 1988 yilda qurib bitkazilgan. Suv ombori Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidan 35 km uzoqlikda Miroqi shaharchasida joylashgan. Ushbu gidroinshoot Shahrisabz, Chiroqchi, Kitob va Yakkabog‘ tumanlarini suv bilan ta’minlaydi. Suv ombor umumiy hajmi 170 mln m³ bo‘lib, foydalaniladigan qismi 161,6 mln m³ ni tashkil etadi. Suv ombori shimoldan janubga 1,7 km, sharqdan g‘arbga 4,0 km masofani egallaydi. “Hisorak”ning tosh-tuproqli to‘g‘oni uzunligi 666 metr, balandligi 138 metr, suv yuzasi 4,2 km², suv chiqaruvchi inshootning suv o‘tkazish imkoniyati 200 m/s ni tashkil etadi.

Shu o‘rinda aytish kerak, suv ombori haqida yolg‘on axborot tarqatganlar birin-ketin javobgarlikka tortilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda suv ombori bilan bog‘liq vaziyat fonida yolg‘on axborot tarqatganlar uzr so‘rab chiqmoqda. 

 


Maqola muallifi

Teglar

Qashqadaryo Hisorak

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing