Qarshi shahri hokimi javobgarlikka tortildi

3-sahifa

image

Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahri hokimi Normo‘min Xolboyev ma’muriy javobgarlikka tortildi. QALAMPIR.UZ tegishli sud hujjatlari bilan tanishdi.

Ma’lum bo‘lishicha, hokim “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning talablarini buzgan va uning topshirig‘i bilan tadbirkor H.H.ga tegishli savdo do‘koni 2024 yilning 2 oktyabridan 7 oktyabriga qadar faoliyat ko‘rsatmagan.

Shuning uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (biznes ombudsman) devonining Qashqadaryo viloyati shu’basi bosh inspektori Sherzod Shodiyevning 2024 yil 18 oktyabrdagi tegishli qarori bilan hokim Normo‘min Xolboyevga O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 2413-moddasi (Tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatini va (yoki) ularning banklardagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni qonunga xilof ravishda to‘xtatib turish) bilan bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravari, ya’ni 15 mln so‘m jarima jazosi tayinlangan.

2024 yil 4 noyabrda hokim Normo‘min Xolboyevning arizasiga ko‘ra mazkur ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudida ko‘rib chiqilgan va hokimning shikoyati qisman qanoatlantirilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudining qarori bilan biznes ombudsmanning yuqoridagi qarori o‘zgartirilib, jarima miqdori Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 33-moddasi (Yengilroq ma’muriy jazo chorasining qo‘llanilishi) bilan bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari – 1 million 875 ming so‘mga o‘zgartirilgan.

Xolboyev o‘ziga oid sud qarori ustidan kassatsiya tartibida ham shikoyat qilgan va u 2024 yilning 27 dekabr kuni Qashqadaryo viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati binosida kassatsiya instansiyasining ochiq sud majlisida ko‘rib chiqilgan. Kassatsiya instansiyasi sudi Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudining 2024 yil 4 noyabrdagi hokimga nisbatan chiqarilgan qarori o‘zgarishsiz, shikoyat qanoatlantirilmasdan qoldirdi.

"Sud qarorlari ustidan taraflar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga taftish tartibida shikoyat berishi, prokuror protest bildirishi mumkin", deyiladi sud qarorida.

Ma’lumot uchun, Normo‘min Xolboyev 2019 yildan beri Qarshi shahri hokimi sifatida ishlab kelmoqda. 2023 yilda u o‘zini rag‘batlantirish uchun 75 million so‘m mablag‘ ajratish haqida qaror chiqargani ko‘plab tanqidlarga sabab bo‘lgan. Mazkur qaror ijro etilmay turib, tegishli tartibda bekor qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Qashqadaryo Qarshi Normo'min Xolboev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing