Qashqadaryoda koronavirusga chalingan 103 nafar xorijlikka 3000 dollar kompensatsiya to‘lanadimi?

Jamiyat

image

Avvalroq, Qashqadaryo viloyatida Qozog‘iston, Turkiya, Ukraina, Hindiston va Tainland davlatlarining jami 103 nafar fuqarosi koronavirusga chalingani haqida xabar bergan edik.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Turizm sohasini sanitariya-epidemiologik xavfsizlikning kuchaytirilgan rejimi talablariga qat’iy rioya qilgan holda rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida mamlakatda koronavirusga chalingan xorijiy davlat fuqarolariga 3000 AQSH dollari miqdorida kompensatsiya to‘lanishi belgilangandi.

Ho‘sh, Qashqadaryoda koronavirusga chalingan chet elliklarga ham kompensatsiya to‘lanadimi? Shu masalaga aniqlik kiritish uchun Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan bog‘landik. Qo‘mitaning Turizm sohasida rejalashtirish va inson resurslarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha departamenti boshlig‘i Shuhrat Isaqulov Qashqadaryodagi xorijliklarga kompensatsiya to‘lanmasligini ma’lum qildi.

“Ular turist emas. Bizda hozir turistik mavsum yopiqligi uchun hech qayerda sayyohlar ro‘yxatga olinmagan. 16 martda karantin o‘rnatilgach, xalqaro parvozlar to‘xtatilgan. O‘z-o‘zidan turistlar kelishi uchun imkoniyat ham yo‘q. Demak, ular O‘zbekistonda ishlayotgan yoki yashayotgan boshqa davlat fuqarolari bo‘lishi mumkin”, dedi Shuhrat Isaqulov.

Qo‘mita vakili hozirda amalga oshirilayotgan reyslarda xorijdagi O‘zbekiston fuqarolari olib kelinayotganini qo‘shimcha qilib o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, Prezident qarorida “Uzbekistan. Safe travel guaranteed” (O‘zbekiston. Xavfsiz turizm kafolatlangan) sanitar-epidemiologik tizimini yo‘lga qo‘yish belgilangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

236

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing