Qashqadaryoda xotinini otib qo‘ygan er bir yilga qamaldi

3-sahifa

image

Qashqadaryo viloyatida xotinini otib qo‘ygan er bir yil muddatga qamaldi.  Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov xabar berdi.

Bildirilishicha, joriy yilning 23 may kuni erkak soat 17:30 larda uyiga mast holda borib, turmush o‘rtog‘iga ko‘chasida ishlayotgan ustalarga yordam bermoqchiligini aytgan. Shunda uning xotini “ularga xalaqit bermang” deb janjal ko‘targan. O‘rtadagi oilaviy tortishuv davomida er seyfida saqlayotgan ov miltig‘ini olib, ayolini qo‘rqitib qo‘yish uchun unga qurol o‘qtalgan. Ayol qo‘rqqanidan ko‘chaga qochib chiqqan. Jahl ustida erkak 25-30 metr uzoqlikdan ayol yugurib ketayotgan tomonga o‘q uzgan. O‘q ayolning orqa tomoni va son qismiga tekkan. Ayol bundan yengil jarohat olib, shoshilinch tez tibbiy yordam bo‘limiga yotqizilgan.

Sud majlisida erkak aybini qisman tan olib, xotinini jarohatlash niyati bo‘lmaganini, uni faqat qo‘rqitmoqchi bo‘lganini ma’lum qilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi tuman sudi uni Jinoyat kodeksining 126-1-moddasi (Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) 3-qismi bilan aybdor deb topib, ayolni qasddan o‘ldirmagani, o‘qni yerga uzganda o‘q parchalanib, ayolning badaniga tekkanini inobatga olib, erkakka bir yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq bir erkak Samarqand viloyatida 23 yoshli xotinini ketmon bilan urib o‘ldirgandi. Sud hukmi bilan ayblanuvchi erkak Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “j” bandi bilan aybdor deb topilib, 19 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qashqadaryo er xotini

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing