Qashqadaryoda fuqaro talabani sakkiz marta pichoqladi
3-sahifa
−
23 iyun
26594Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida fuqaro talabani pichoqladi. Bu haqda viloyat prokuraturasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, kecha, 22 iyun kuni soat 08:30 larda fuqaro M.E o‘ziga oldindan tanish bo‘lgan Qarshi davlat universiteti talabasi fuqaro S.T. bilan universitet hududida o‘zaro janjallashib, S.T.ning tanasining turli sohalariga o‘zi bilan olib kelgan pichoqni 8 marotaba sanchib, og‘ir tan jarohati yetkazgan. Shundan so‘ng fuqaro M.E. o‘zining qorin bo‘shlig‘iga pichoq sanchib, o‘ziga-o‘zi tan jarohati yetkazgan.
Holat yuzasidan Qarshi shahar prokuraturasi tomonidan fuqaro M.E.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 25-moddasi (jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish) hamda 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
“Jabrlanuvchi hozirda shifoxonada tibbiyot xodimlari nazorati ostida davolanmoqda. Gumonlanuvchi shaxs protsessual tartibda ushlangan. Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari shahar prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda”, deyilgan xabarda.