Qashqadaryoda erkak singlisining erini urib o‘ldirdi
3-sahifa
−
19:06
4013Qashqadaryo viloyatida erkak singlisining mast erini urib o‘ldirdi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, voqea 2024 yilning 26 may kuni sodir bo‘lgan. Ayol akasiga ko‘p yillar davomida turmush o‘rtog‘i mast holda kelib, janjal chiqarayotganidan shikoyat qilgan. Erkakning jahli chiqib, singlisi ikki bolasi bilan uyda bo‘lmaganida uning uyiga borgan. Avval erkak eshikni taqillatgan, lekin hech kim eshikni ochmagan. Shundan so‘ng u devordan oshib, uyga kirishga qaror qilgan. Xonalarning birida erkak singlisining mast erini topib, janjallashgan va uni kaltaklay boshlagan. U kuyovini tashqariga olib chiqqan va ovozini hech kim eshitmasligi uchun og‘ziga bolalar kiyimini tiqib, kaltaklashda davom etgan. Oqibatda erkak bosh qismiga olgan davomiy tepki oqibatida voqea joyida vafot etgan.
Ma’lum qilinishicha, bu vaqtda marhumning turmush o‘rtog‘i va uch nafar farzandi bilan boshqa tumandagi opasinikida bo‘lgan. Ayol akasidan eri qayerdaligini so‘raganida erkak “bilmayman” deb javob bergan.
Voqea sodir bo‘lganidan bir hafta o‘tib, mahalla raisi yoqimsiz hid sezib qolgan va jasadni tasodifan topib olgan.
Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi “j” bandi (o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan odam o‘ldirish) bilan aybdor deb topilib, 15 yil 6 oy muddatga qamoq jazosiga hukm qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyatida 18 yoshli yigit o‘z pochchasini pichoqlab o‘ldirgandi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudida mazkur jinoyat yuzasidan sud ishi ko‘rib chiqildi va sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, 7 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.