Qashqadaryoda er kelinlari ko‘z o‘ngida ayolini benzin bilan yoqib yubordi

3-sahifa

image

Qashqadaryo viloyatida 58 yoshli erkak turmush o‘rtog‘ini xiyonatda ayblab, kelinlari va voyaga yetmagan o‘g‘lining yonida ayolga benzin sepib, yoqib yubordi. Unga 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. QALAMPIR.UZ sud hujjatlari bilan tanishdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 11 sentyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkabog‘ tuman sudida o‘z ayolini o‘ldirmoqchi bo‘lgan 58 yoshli erkakka sud hukmi o‘qilgan. Sud hujjatlariga ko‘ra, sudlanuvchi Yu.R. Yakkabog‘ tumani “Sheroziy” MFYda ayoli bilan yashab, uni 2014 yildan 2024 yilgacha xiyonat qilishlikda ayblab, u bilan doimiy nizolashib kelgan.

2024 yilning 22 aprel kuni soat taxminan 20:00 larda Yu.R. mast holatda yashash uyining hovlisidagi supada dam olib yotganida, turmush o‘rtog‘i telefonda gaplashib, suhbatdoshiga erini nazarda tutib “iflos uyda, ertaga ishga ketganidan keyin gaplashamiz” degan gaplarini eshitib qolgan.

Oqibatda er bundan jahli chiqib, ayolini o‘ldirish maqsadida hovlidagi 1 litr hajmli yelim idishda turgan benzinni olib, turmush o‘rtog‘i o‘tirgan uyga kirgan va uch nafar kelini, voyaga yetmagan o‘g‘li hamda beshikda yotgan nevaralarining ko‘z o‘ngida ayolining yuz va ko‘krak qismlariga baklashkadagi benzinni sepib, shafqatsizlik bilan yoqib yuborgan.

Jabrlanuvchi G.R.ni shu yerda bo‘lgan kelinlari suv sepib olovni o‘chirib olib, tez yordam mashinasida Yakkabog‘ tuman shifoxonasiga olib borgan hamda tibbiyot xodimlarining ko‘rsatgan malakali yordami natijasida ayolning hayoti saqlab qolingan.

Sud hukmi bilan sudlanuvchi erkak Jinoyat kodeksining 25- (jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish), 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 2-qismining “d" va "j” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilgan va unga shu moddalar bo‘yicha 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzaxda er xotinini ish joyida pichoqlagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qashqadaryo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made