Qashqadaryoda archalari kesib ketilgan o‘rmon qo‘riqchisi jazolandi
3-sahifa
−
29 yanvar
5317Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani Duob o‘rmon bo‘limi hududida jami 104 dona Zarafshon archa daraxtlari tag qismidan kesib ketildi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Duob o‘rmon bo‘limi 4 sarhad hududida fuqaro K.M. tomonidan 3 dona Zarafshon archa daraxtlari tag qismidan o‘sishdan to‘xtash darajasida kesib tashlangani aniqlangan. Ushbu fuqaroga tabiatga zarar yetkazganligi uchun 51 million 810 ming so‘m jarima qo‘llanilgan. Shuningdek, Duob o‘rmon bo‘limi boshlig‘i vazifasida ishlagan Z.B. hamda 4 sarhad o‘rmon qo‘riqchisi vazifasida ishlagan H.E.ga o‘z lavozim vazifasiga loqaydlik bilan qaragani uchun ma’muriy jarima qo‘llanilgan.
Bundan tashqari, shu hududda Zarafshon archa daraxtlarining 38 donasi noma’lum shaxslar tomonidan tag qismidan va yon shoxlari kesilgani aniqlangan. Ushbu hodisaga befarqlik qilgani uchun o‘rmon qo‘riqchisi H.E.ga 94 million 387 ming 500 so‘m takroriy ma’muriy jarima qo‘llanilgan.
Qolaversa, Duob o‘rmon bo‘limi 3 sarhad hududida ham noma’lum shaxslar tomonidan noqonuniy ravishda 6 dona Zarafshon archa daraxtlari o‘sishdan to‘xtash darajasida tag qismidan va o‘sishdan to‘xtamaslik darajasida kesib ketilganligi aniqlangan. Hududiy o‘rmon qo‘riqchisi R.B.ga nisbatan ma’muriy chora qo‘llanilgan.
Shuningdek, aynan mazkur hududda fuqaro H.A. tomonidan 8 dona (zarar miqdori 25 million 387 ming 500 so‘m) Zarafshon archasi tag qismidan va yon shoxlari kesilayotganligi aniqlangan va ma’muriy jarima qo‘llanilib, hujjatlar fuqarolik ishlari bo‘yicha G‘uzor tumanlararo sudiga yuborilgan.
Shu bilan birga, noma’lum shaxslar tomonidan noqonuniy ravishda 49 dona Zarafshon archa daraxti o‘sishdan to‘xtash darajasida, tag qismidan va yon shoxlari o‘sishdan to‘xtamaslik darajasida kesib ketilgan. Natijada o‘rmon xo‘jaligiga 176 million 587 ming 500 so‘m zarar yetkazilgan va zararni undirish uchun hujjatlar Dehqonobod tuman prokuraturasiga o‘tkazilgan.
“Duob o‘rmon bo‘limi hududida jami 104 dona Zarafshon archa daraxti tag qismidan kesilgan va o‘sishdan to‘xtamas darajada shikastlantirilgan. Holatlar yuzasidan o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan yondashgan mas’ul shaxslarga, huquqbuzarlarga nisbatan chora belgilash masalalari ko‘rib chiqilmoqda”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzax viloyati Do‘stlik tumanida fuqaro 13 tup tut daraxti kesib, tabiatga 738 million 750 ming so‘m zarar yetkazgani aniqlangandi.
LiveBarchasi