Jizzaxda tut kesgan shaxs tabiatga 738 mln so‘m zarar yetkazdi

3-sahifa

image

Jizzax viloyati Do‘stlik tumanida fuqaro 13 tup tut daraxti kesib, tabiatga 738 million 750 ming so‘m zarar yetkazgani aniqlandi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi. 

Qayd etilishicha, vazirlikka Jizzax viloyati Do‘stlik tumanida yashovchi fuqaro D.N. tomonidan tut daraxtlari noqonuniy kesilgani haqida murojaat tushgan va murojaat viloyat Ekologiya boshqarmasi tomonidan o‘rganilgan. Unga ko‘ra, Do‘stlik tumani “Mevazor” MFY hududidan o‘tuvchi “Sarkisov” kanali yoqasida 13 tup tut daraxti noqonuniy kesilgani aniqlangan. Oqibatda O‘zbekiston Respublikasi “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunining 4, 37, 49-moddalari talablari buzilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 18 fevraldagi “Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini saqlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 93-sonli qaroriga  asosan ayrim tut daraxti turlari, xususan, kesilgan tutlar qimmatbaho daraxt turiga kiritilgan.

Huquqbuzarlik oqibatida o‘simlik dunyosiga 369 million 375 ming so‘m zarar yetkazilgani ma’lum bo‘lgan. Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 22 avgustdagi 464-sonli qaroriga ko‘ra esa davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriy davrida daraxtlar va butalarga yetkazilgan zarar uchun undirish summalari ikki baravarga oshirilgan holda qo‘llanishi belgilangan. Shunga asoslangan holda yetkazilgan zarar miqdori 738 million 750 ming so‘m miqdorida belgilangan.

Bildirilishicha, holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar holatga huquqiy baho berish va tegishli chora ko‘rish maqsadida Do‘stlik tuman prokuraturasiga yuborilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatida 4 tup yong‘oq daraxtlarini hech qanday ruxsatnomalarsiz kesib tashlagan fuqaro tabiatga 247 million 500 ming so‘m miqdorida zarar keltirgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Jizzax tut

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing