Qashqadaryoda 50 ming so‘m uchun mashhur sambochi otib o‘ldirildi

3-sahifa

image

Qashqadaryoda sambochi To‘ra Avloqulov qo‘lbola usulda yasalgan quroldan olgan jarohati tufayli shifoxonada vafot etdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi. 

Ma’lum bo‘lishicha, hodisa 2024 yilning 29 mart kuni sodir bo‘lgan. Shahrisabz shahar "Qo‘shxona" MFYda yashovchi Sh.U. soat 15:00 larda o‘zi boshqaruvidagi Damas rusumli avtomashinasida ketayotib, o‘ziga oldindan tanish bo‘lgan R.Sh.ni ko‘rib qolgan. Ular birgalikda Shahrisabz shahridagi "Lola" kafesida spirtli ichimlik iste’mol qilgan. Taxminan bir soatlardan keyin ushbu kafedan chiqib, ulfatlar "Sinabog‘" MFY hududiga borganida, u yerda o‘zlariga oldindan tanish bo‘lgan To‘ra Avloqulovni ko‘rib qolgan. 

Shundan so‘ng, taniqli sambochini avtomashinasiga mindirib, uchalasi spirtli ichimlik iste’mol qilish maqsadida Oqdaryo mahalla fuqarolar yig‘inidagi "S.U." MCHJga qarashli oshxonaga borib, yana spirtli ichimlik ichgan.

Ziyofat pulini to‘lashga kelganda U.Sh. To‘ra Avloqulovga 50 ming so‘m berganligini, shu bois ovqatlanish xarajatini u to‘lashi kerakligini aytgan. Biroq Avloqulov unga "minnatli" pulini qaytarib bergan. Bundan g‘azablangan U.Sh. Avloqulovga "Pulni cho‘ntagingga solib qo‘y" qabilidagi zarda bilan avtomashinasidan qo‘lbola qurolini olib kelgan va uning boshiga qarata o‘q uzgan. 

Oqibatda, To‘ra Avloqulov Shahrisabz shahar tibbiyot birlashmasi shoshilinch tez tibbiy yordam bo‘limiga yotqizilgan. Unga o‘q uzgan fuqaro hodisa joyidan qochmoqchi bo‘lib, taxminan 500 metr yo‘l bosgach, tuman IIB tezkor xodimlari tomonidan to‘xtatilgan.

Shahrisabz shahar tibbiyot birlashmasi ma’lumotnomasida To‘ra Avloqulovning tanasida "ochiq bosh miya jarohati, bosh miya ichidagi metall va suyak parchalari, chap peshona suyagining parchalanib sinishi, chap qosh ustida ezilib yirtilgan jarohatlar bor"ligi, ahvoli o‘ta og‘ir darajada ekanligi qayd etilgan. Oqibatda sportchi shifoxonada vafot etgan.

Holat yuzasidan Shahrisabz tuman prokuraturasi tomonidan fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining 25,97-moddasi 2-qismi "d" va "l" bandlari (bezorilik oqibatida, boshqa shaxslarning hayoti uchun xavfli bo‘lgan usulda qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda tergov harakatlari olib borilayotgani aytilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Jinoyat Qashqadaryo To'ra Avloqulov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing