Qashqadaryoda 45 ming dollarga yer olib berishni va’da qilgan firibgar ushlandi
3-sahifa
−
14 mart
4725Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Samarqand va Navoiy viloyatlarida fuqarolarning ishonchiga kirib, ularga hokimiyat va kadastr idoralarida ishlovchi tanishlari yordamida yer maydonlarini olib berishni va’da qilgan firibgarlar qo‘lga olindi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro D.Ye. boshqa bir fuqaro D.S.ning ishonchiga kirib, go‘yoki hokimiyat va kadastr idoralarida ishlovchi tanishlari yordamida Qarshi tumani “Otchopar” MFY hududida joylashgan yana bir fuqaro B.R.ga issiqxona qurish uchun ajratilgan 2,5 gektar yer maydonini 45 000 AQSH dollari evaziga uning nomiga rasmiylashtirib olib berishini va’da qilib, ushbu pullar hisobidan 63 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Departament hamda DXXning Samarqand viloyat Oqdaryo tumani bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida esa fuqaro J.F. fuqaro A.E.ga go‘yoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida “Dahbet” MFY hududidan 30 000 AQSH dollari evaziga 10 sotix yer maydonini rasmiylashtirib olib berishini va’da qilib, oldindan 10 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi, Departamentning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, DXX va IIV xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro X.A. fuqaro B.T.ga Nukus shahri “Botanika bog‘i” MFY hududidagi 4 sotix yer maydonini go‘yoki boshqa bir fuqaro Sh.D.ga ajratilganligi to‘g‘risida soxta hujjatlarni ko‘rsatib, ushbu yer maydonini fuqaro B.T.ga 160 mln so‘mga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Departamentning Navoiy viloyat boshqarmasi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa fuqaro A.G‘. fuqaro N.F.ga Qiziltepa tumani “O‘zbekiston” MFY hududidagi qurilishi tugallanmagan bino va uning atrofidagi tuman zaxirasidagi 6 sotix yer maydonini go‘yoki hokimiyat va kadastr idoralarida ishlovchi tanishlari yordamida turarjoy qurish uchun olib berishi evaziga 10 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 13 mart kuni Toshkent tibbiyot akademiyasiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan firibgar ushlangani haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi