Qashqadaryoda ham Ekopolitsiya xodimlari jiddiy hujumga uchradi

3-sahifa

image

Kecha, 11 sentyabr kuni Qashqadaryo viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasining G‘uzor tumani bo‘limi boshlig‘i Bahrom Toshpo‘latov hushsiz holatda viloyat shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markaziga olib borildi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi xabar berdi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Bahrom Toshpo‘latov G‘uzor tumani “Qovchin” MFY hududidan oqib o‘tuvchi Qashqadaryo daryosida noqonuniy qum-shag‘al qazib olish holatlarini aniqlash bo‘yicha reyd tadbirida huquqbuzarlar hujumiga uchragan.

Uni shu hududda fuqarolardan biri hushsiz holatda topib, shifoxonaga olib borgan. Hozirda tibbiyot muassasasida unga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Shuningdek, 6 sentyabrdan 7 sentyabrga o‘tar kechasi G‘uzor tumani “Qovchin” MFYning Arab qishlog‘i hududida Ekopolitsiya inspektorlari tomonidan ekologik nazorat reydi o‘tkazilgan.

Reyd davomida Qashqadaryo daryosining muhofaza etiladigan hududida noqonuniy qum-shag‘al qazib olinayotgani aniqlangan. Ekopolitsiya xodimlari qonunbuzarlikni to‘xtatib, texnikani jarima maydoniga olib ketayotgan vaqtida huquqbuzarlar ularga faol qarshilik ko‘rsatgan.

Xususan, davlat raqamisiz qora rangli KIA K5, shuningdek, davlat raqami 70 K 413 AA bo‘lgan Lacetti va Cobalt avtomobillarida bo‘lgan shaxslar yo‘lni to‘sib, inspektorlardan biriga tan jarohati yetkazgan. Shuningdek, jarima maydoniga olib ketilayotgan texnika vositasini olib qochgan.

Mazkur ikki holat yuzasidan G‘uzor tuman prokuraturasi va IIBning tezkor-tergov guruhi tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzax viloyatida ham Ekopolsiya xodimi noqonuniy baliq ovlayotgan shaxslar hujumiga uchragani va oqibatda halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi. Ushbu holat bo‘yicha 3 kishi ushlangan va ularga nisbatan jinoiy ish ochilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing