Qashqadaryo viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Qashqadaryo viloyati hokimligida bir qator tayinlovlar amalga oshirildi. Jumladan, viloyat hokimiga birinchi o‘rinbosar va tashkiliy-nazorat guruhi rahbari tayinlandi. Bu haqda Qashqadaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, Nodir Erkayev viloyat hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlangan.

Nodir Erkayev 1971 yil Chiroqchi tumanida tug‘ilgan. 2017-2018 yillarda Qashqadaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ham ishlagan. Bugungacha Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari vazifasida ishlab kelayotgan edi.

Shuningdek, Sultonmurod Donayev viloyat hokimligi tashkiliy-nazorat guruhi rahbari etib tayinlangan.

Donayev 1983 yil Koson tumanida tug‘ilgan. Bugungacha Koson tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi boshlig‘i vazifasida ishlab kelayotgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 8 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash hamda aholi bandligini ta’minlashga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida Qashqadaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari O‘tkir Bo‘tayev lavozimidan ozod qilingandi.

Shuningdek, avvalroq Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev koronavirusga chalingani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qashqadaryo

Baholaganlar

295

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing