Qashqadaryoda 9 kishi zaharlandi. O‘zbekistonda haqiqiy qish boshlandi
Jamiyat
−
27 noyabr 2019
7912O‘zbekistonda qish, sovuq kunlar boshlaganini nafaqat ob-havo ma’lumotlaridan, balki is gazi va boshqa isitish vositalaridan zaharlanib qurbon bo‘layotganidan bilish mumkin. Qashqadaryoda ana shunday holatdan yana biri qayd etildi. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati rahbari Furqat Sanayevning Telegram’dagi kanali orqali xabar berishicha, besh kishi ko‘mir, to‘rt kishi tandir cho‘g‘idan zaharlangan.
Joriy yilning 25 noyabr kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filialiga bir oilaning 5 nafar a’zosi is gazidan zaharlangan holda keltirilgan.
Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmatining xabar berishicha, Qarshi shahri Kat mahallasidan 37 yoshli Sh.T., 32 yoshli G.X., 13 yoshli Sh.N., 11 yoshli Sh.N. va 4 yoshli E.N. xonadonda ko‘mir yoqish natijasida is gazidan o‘rta og‘ir darajada zaharlanishgan.
Ma’lum bo‘lishicha, xonadon sohibining kechqurun ko‘mir cho‘g‘ida kabob tayyorlagani va qolgan cho‘g‘ni uyga olib kirib qo‘yganligi mazkur noxush hodisaga sabab bo‘lgani aytilmoqda. Ayni paytda bemorlarga malakali tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.
Shuningdek, joriy yilning 26 noyabr kuni taxminan soat 22:00 larda Qarshi tumani Parg‘uza qishlog‘ilik Sh.B. xonadonida to‘rt kishi is gazidan zaharlanganligi qayd etilgan.
Aniqlanishicha, ushbu noxush hodisaga tandirda yoqilgan o‘tin cho‘g‘i uyga olib kirilganligi sabab bo‘lgan.
Mazkur oiladan xonadon sohibi, 45 yoshli Sh.B. yengil zaharlangan, unga ambulator yordam ko‘rsatilgan. Oilaning boshqa a’zolari 41 yoshli T.V., 17 yoshli J.T., 9 yoshli Sh.T. is gazidan o‘tkir zaharlanish o‘rta og‘ir darajasi tashxisi bilan respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filialiga yotqizilgan.
Ma’lum qilinishicha, bemorlarga tajribali shifokorlar tomonidan malakali tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.
LiveBarchasi