Qashqadaryodagi zaharlanish: oilaning katta o‘g‘li ham vafot etdi, ota esa og‘ir ahvolda

Jamiyat

image

Avvalroq, Chiroqchi tumani “Langar” MFY Tutli qishlog‘ilik oilaning yetti nafar a’zosi uy sharoitida tayyorlangan pomidor konservasidan zaharlanib, viloyat markazidagi shifoxonalarga yotqizilgani va ona vafot etgani haqida xabar bergan edik.

Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmatining xabariga ko‘ra, ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan bugun, 20 noyabr kuni 09:30 da mazkur oilaning katta farzandi, 2006 yilda tug‘ilgan A.T. ham vafot etdi.

Eslatib o‘tamiz, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filialiga keltirilgan oila boshlig‘i, uning turmush o‘rtog‘i va katta o‘g‘liga “Botulizm kasalligining og‘ir darajasi. O‘tkir toksemiya davri. Toksik neyropatiya. O‘tkir nafas yetishmovchiligi I darajasi” tashxisi qo‘yilgan edi. Joriy yil 18 noyabr kuni 08.00da mazkur oila boshlig‘ining turmush o‘rtog‘i Yu.U. vafot etdi. Ayni paytda otaning ahvoli ham o‘ta og‘irligicha qolmoqda.

Oilaning qolgan to‘rt nafar a’zosi viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda. Ularning ahvoli qoniqarli. 

Shu o‘rnida yana bir bor eslatib o‘tamiz, aholi o‘rtasida xonadon sharoitida tayyorlangan, sifati kafolatlanmagan konserva mahsulotlarini iste’mol qilish oqibatida ovqatdan zaharlanish – botulizm kasalligi uchrab turadi. Chunki, uy sharoitida konserva mahsulotlari tayyorlashda zarur texnologik jarayonlar, sanitariya me’yorlari va shaxsiy gigiyena qoidalariga to‘la rioya qilinmaydi. Natijada konservadagi botulizm sporalari tez rivojlanadi va zaharli toksinlar chiqaradi.


Maqola muallifi

Teglar

Qashqadaryo zaharlanish

Baholaganlar

79

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing