Qarshida shifokorlar kaltaklandi. Ayol kishi ham ayab o‘tirilmadi

Jamiyat

image

Qarshida tibbiyot xodimlariga nisbatan navbatdagi zo‘ravonlik yuz berdi. Bu safar haqoratlanib, kaltaklanganlar orasida ayol kishi ham bor. Bu haqda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Kecha, 16 oktyabr kuni soat 08:28 da Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qarshi filiali tez tibbiy yordam stansiyasi Call-markaziga qo‘ng‘iroq qilgan fuqaro Qarshi shahri, Depo ko‘chasi 28-uyda yashovchi,1967 yilda tug‘ilgan Sh.G. hushidan ketgani uchun “tez yordam” chaqirgan. Soat 8:36 da chaqiriq joyiga vrach A.B., feldsher S.N. hamda haydovchi G‘.R.dan iborat “tez yordam” brigadasi jo‘natilgan va ular manzilga zudlik bilan soat 08:42da yetib borgan. Ammo, o‘sha xonadonda jam bo‘lgan kishilar tez tibbiy yordam xodimlarini shaxsiyatga tegadigan haqoratli gaplar bilan kutib olishgan.

Vrach va feldsher xonaga kirganida bemor yonbosh yotgan, qo‘llari va oyoqlari bukilgan holatda bo‘lgan. Vrach qon bosimini o‘lchash uchun uning qo‘lini to‘g‘rilashga uringanida qo‘li muzlaganini sezgan. Shundan so‘ng shifokor darhol bemorning bo‘ynidagi tomir urishini aniqlashga harakat qilgan. Tomir urishi sezilmagan, bemor nafas ham olmagan, ko‘z qorachig‘ining yorug‘likka ta’siri tekshirilganida esa umuman reaksiya bo‘lmagan.

Shundan so‘ng shifokor biologik o‘limni qayd etgan. Bu haqda yonida turgan feldsherga ma’lum qilgan. Buni eshitgan orqada turgan ikki erkak kishi feldsher S.N.ning beliga to‘satdan kuchli zarb bilan qattiq tepgan. Ayol kishi bo‘lishiga qaramasdan, vrach A.B.ni ham bir vaqtning o‘zida qattiq kaltaklashgan. Natijada feldsher voqea joyida hushidan ketgan, vrach esa jiddiy tan jarohati olgan.

“Tez yordam” haydovchisi o‘sha uyda bo‘lganlardan biri ko‘magida shifokor va feldsherni mashinaga olib chiqib, RSHTYOIM Qarshi filialiga olib kelgan. Mutaxassislar ko‘rigi va standart tekshiruvlarda feldsher S.N.ga yopiq bosh miya jarohati, bosh miya chayqalishi, ko‘krak, orqa va bel, bosh ensa sohasi yumshoq to‘qimasi lat yeyishi, vrach A.B.ga yopiq bosh miya jarohati, bosh miya chayqalishi, yumshoq to‘qimalarning lat yeyishi tashxisi qo‘yilgan. Ular ayni paytda RSHTYOIM Qarshi filialining neyroxirurgiya bo‘limida davolanayapti. 

Chaqiriq bo‘lgan xonadondagi marhumning jasadini uning yaqinlari o‘zlarining avtomashinasida RSHTYOIM Qarshi filialiga o‘zlari olib borishgan. Reanimatsiya bo‘limi shifokorlari uni taxminan bir soatcha avval vafot etganini tasdiqlagan. Shundan so‘ng shifoxona ma’muriyati ichkiishlar bo‘limiga xabar bergan. Ayni paytda huquqni muhofaza qilish idoralari voqea tafsilotlarini o‘rganmoqda. 

“Biz ham vaziyatga izoh berib, shuni aytishimiz mumkinki, “tez yordam” brigadasi chaqirilgan manzilga kechikmasdan bor-yo‘g‘i 6 daqiqada yetib borgan. Har qanday holatda ham yaxshilik qilish umidida xonadoniga kirib kelgan va o‘z xizmat vazifasini vijdonan bajarayotgan shifokorga qo‘l qo‘tarish, tajovuz qilish, unga tan jarohati yetkazishni aslo oqlab bo‘lmaydi. Bu insoniylikka, xalqimizning yaxshilikka yaxshilik bilan javob qaytarishdek ezgu qadriyatlariga aslo to‘g‘ri kelmaydi. 

Afsuski, keyingi paytlarda xalqimizning asriy qadriyatlariga va an’analariga zid bo‘lgan bunday nomaqbul holatlar ko‘payib borayapti. Ayniqsa, shoshilinch va tez tibbiy yordam ko‘rsatish tizimida bu kabi holatlar kunda-kunora uchrab turibdi”, deyiladi vazirlik xabarida.


Maqola muallifi

Teglar

Qarshi tez tibbiy yordam

Baholaganlar

163

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing