Qarshi va Buxoroda “bozorkom”lar qo‘lga olindi (video)
Olam
−
04 mart 11338 2 daqiqa
Davlat xavfsizlik xizmati va boshqa huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda dehqon bozorlarining mansabdor shaxslari auksion orqali sotilishi kerak bo‘lgan savdo nuqtalarini shaxsiy moddiy manfaatdorlik evaziga, fuqarolarga noqonuniy ravishda sotish bilan shug‘ullanib kelayotganlik holatlari aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Qarshi shahrida faoliyat yurituvchi dehqon bozori raisi va nazoratchisi o‘zaro til biriktirib, bozor hududida yangi qurilgan, 110 metr kvadrat maydondagi savdo do‘konini tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaro nomiga rasmiylashtirib berish evaziga, undan 80 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 30 ming AQSH dollari olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi (Pora berish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Boshqa holatda esa Buxoro shahridagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ulgurji sotiladigan bozor rahbari va ish yurituvchisi o‘zaro til biriktirib, bozor hududida yengil konstruksiyali savdo do‘koni qurib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun 120 metr kvadrat yer maydoni ajratib berish evaziga fuqarodan 11 ming AQSH dollari olgan vaqtida ularning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yilgan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 3-qismi “a, v” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining ikki nafar tezkor xodimiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.
Live
Barchasi