QarDUdagi “daraxt qirg‘ini” bo‘yicha 6 mas’ulga ish ochildi
Jamiyat
−
10 fevral 2022
3940Qarshi davlat universitetida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan rad javobi berilganligiga qaramasdan jami 38 tup daraxt noqonuniy kesilgani haqida xabar bergan edik. Mazkur holatda tabiatga 285 mln so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgani aniqlangan.
Bosh prokuratura Matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovga ko‘ra, Qarshi davlat universitetining 6 nafar mas’ul xodimiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi (Daraxtlarni, butalarni, boshqa o‘simliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish) 1-qismi bilan ma’muriy javobgarlikka oid ish qo‘zg‘atilgan.
Avvalroq, Andijon viloyatining Asaka tumanida 10 ga yaqin ko‘p yillik daraxt kesib tashlangani haqida xabar bergan edik. Mazkur holat oqibatida tabiatga 18 mln 360 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
Shuningdek, joriy yilning 15 yanvar kuni Andijon viloyati perinatal markazida 12 ta daraxt kesib tashlangan edi. Bunday topshiriq shaxsan viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov tomonidan berilgan. Holat yuzasidan viloyat Ekologiya boshqarmasi surishtiruv boshlagandi, ammo hamon jimjitlik hukm surmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2021 yil 30 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingandi. Farmon bilan davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriyning amal qilishi muddatsiz davrga uzaytirilgandi.
LiveBarchasi