Qarama-qarshi yo‘ldan yurib, qizildan o‘tgan haydovchiga chora ko‘rildi (video)

3-sahifa

image

Ijtimoiy tarmoqlarda BYD rusumli avtomobil qarama-qarshi yo‘lda harakatlanib, chorrahadan svetaforning qizil chirog‘ida burilgani aks etgan video keng tarqaldi. QALAMPIR.UZ holatga aniqlik kiritish maqsdaida Toshkent shahar IIBB YHXB axborot xizmati boshlig‘i Qahramon Xudoyberganov bilan bog‘landi. 

Xudoyberganovga ko‘ra, holat yuzasidan poytaxt Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilgan. Ma’lum qilinishicha, qoidabuzar ushbu videoni uydagilariga tashlab berish uchun tasvirga olgan, lekin bolalar hazillashib uni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatib yuborgan. Voqea poytaxtning Uchtepa tumanida sodir bo‘lgan.

Haydovchiga ko‘ra, ushbu qoidabuzarliklar joriy yilning mart oyida amalga oshirilgan. 

“Mashina sotib yuborilgan bo‘lsa ham qoidabuzar javobgarlikka tortildi”, deydi Qahramon Xudoyberganov. 

Holat yuzasidan esa Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-10-moddasi (yo‘l bezoriligi) bilan bayonnoma rasmiylashtirilgan. Unga ko‘ra, haydovchi transport vositalarini boshqarish huquqidan ikki yilgacha muddatga mahrum qilinib, bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari (8 mln 500 ming so‘m) miqdorida jarimaga tortilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va tirbandlikni kamaytirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida endilikda “Surunkali qoidabuzarlar” dasturi ishga tushirilishi haqida aytilgandi. Unga ko‘ra, qarama-qarshi harakatlanish, chiroqning qizil rangida o‘tish bir oy ichida 2 marta sodir etilsa yoki tezlik 5 marta oshirilsa – 1 yilgacha jarimadan chegirma berilmaydi. Bunday huquqbuzarliklar bir oy ichida 10 tadan ko‘p bo‘lsa – 6 oygacha haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilinadi.


Maqola muallifi

Teglar

BYD Qahramon Xudoyberganov qizil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing