Qanday oilalar ko‘p bolali hisoblanishi belgilandi

Jamiyat

image

Endilikda O‘zbekistonda 4 nafar va undan ortiq 18 yoshga to‘lmagan bolasi bo‘lgan oila ko‘p bolali oila hisoblanadi. Oila kodeksiga kiritilgan o‘zgartirish bilan shunday norma belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

O‘zbekiston Prezidenti imzolagan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni bilan 8 ta kodeks va 10 ta qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Oila kodeksiga yuqorida aytganimizdek “ko‘p bolali oila tushunchasi” kiritildi va me’yor belgilandi.

Bunda, agar 4 nafar va undan ortiq bolalaridan 1 nafari yoki undan ko‘prog‘i ta’limning kunduzgi shaklida (o‘rta maxsus va kasb-hunar, oliy ta’lim) ta’lim tashkilotlarida o‘qiyotgan hamda 22 yoshga to‘lmagan bo‘lsa, bu oila ham ko‘p bolali oila deb hisoblanadi.

Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, tazyiq o‘tkazgan va (yoki) zo‘ravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxs tomonidan himoya orderi talablarini bajarmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi.

Bunday huquqbuzarlikni sodir etgan shaxsga nisbatan 223 ming so‘mdan 669 ming so‘mgacha miqdorda jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olish jazosi qo‘llaniladi.

Qonun bilan “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, da’vogarlar tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga yetkazilgan ma’naviy va moddiy zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi da’volar yuzasidan davlat bojidan ozod qilinadi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.


Maqola muallifi

Teglar

Oila kodeksi

Baholaganlar

461

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing