Deputatlar Senatni “bosib” Prezidentga chiqmoqchi
Jamiyat
−
24 avgust 2022
21938O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan joriy yil 21 iyunda qabul qilingan va 4 avgustda Senat tomonidan rad etilgan “O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini quyi palatada qayta ko‘rib chiqishdan olib tashlab, Vazirlar Mahkamasiga yuborish haqidagi masalani deputatlarning ko‘pchiligi qo‘llab-quvvatlamadi. Bu haqda deputat Rasul Kusherboyev ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, deputatlar Senat rad etgan ushbu qonun loyihasi jamiyat uchun muhim va amaliyotda odamlarni ortiqcha sarson bo‘lishini oldini oladi, deb hisoblashmoqda.
“Bir qator deputatlar vakolatdan foydalanib qonun loyihasini qayta qabul qilib to‘g‘ridan-to‘g‘ri Prezidentga imzoga yuborish zarurligini bildirishmoqda”, deydi xalq vakili.
U shu kungacha deputatlar bu vakolatdan foydalanishmaganini qo‘shimcha qilgan.
Rad etilgan qonun loyihasida:
• FHDYO organi tomonidan nikoh tuzishga bir oyda ruxsat beruvchi qoidani chiqarib tashlash;
• ellik yoshdan oshgan nikohlanuvchi shaxslar yoki o‘rtada bolasi bo‘lgan nikohlanuvchi shaxslar uchun, shuningdek, homilador ayol va uning tug‘ilajak bolasini o‘z bolasi deb tan oluvchi shaxs uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tish ixtiyoriy ekanligini belgilash ko‘zda tutilgan.
“Bizningcha loyihadagi takliflar hayotiy va zarur ahamiyatga ega”, deydi Kusherboyev.
Eslatib o‘tamiz, Senatning 4 avgust kuni bo‘lib o‘tgan yigirma to‘qqizinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun senatorlar tomonidan rad etilgandi. Senatorlar qonun chala degan qarorga kelgandi.