Rossiyada ajrashganlarni jarimaga tortish taklif etildi
Olam
−
19 noyabr 2025 1711 2 daqiqa
Bryansk viloyat dumasidagi “Yagona Rossiya” deputati Mixail Ivanov rossiyaliklarni ajrashgani uchun 40 ming rubl miqdorida jarimaga tortishni taklif qildi. Bu haqda TASS xabar berdi.
U bu tashabbusni Butunjahon rus xalqi kengashi sessiyasida taqdim etdi. Shuningdek, u nikoh tuzayotgan fuqarolarga 20 ming rubl to‘lashni taklif qilib, ajralish jarimasi byudjetning qattiq sharoitida “muvozanatlantiruvchi omil” bo‘lib xizmat qilishi mumkinligini ta’kidladi.
“Har qanday parlament tashabbusi byudjet mablag‘lari hisobidan cheklangan, shu tufayli hech bo‘lmaganda ajrashish uchun kamida 40 ming rubl miqdorida jarima kiritishimiz kerak”, dedi deputat.
U, shuningdek, Rossiya qonunchiligiga “onalik va bolalikni obro‘sizlantirish”ni taqiqlash bo‘yicha norma kiritishni taklif qilib, “haddan tashqari erkinlikka chek qo‘yish kerak”ligini aytdi.
Oila siyosati mavzusi federal parlamentda ham faol muhokama qilinmoqda. Avgust oyida Davlat dumasida ajrashgan ota-onalarni bolasini birgalikda tarbiyalashda ishtirok etishga majburlovchi qonun loyihasi kiritildi. Hujjatda Oila kodeksiga ota-onalar kelishuvga erisha olmagan hollarda “birgalikda tarbiyalash tartibi”ni sudga mustaqil belgilash imkonini beruvchi modda bilan o‘zgartirish taklif etilgandi.
Rossiya jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakat o‘tgan yili ajralishlar ko‘rsatkichi bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinni egallagan: har o‘n nikohga sakkizta ajralish to‘g‘ri keladi. Rossiyada 2020 yilda 564 ming 704 ta, 2021 yilda 644 ming 209 ta, 2022 yilda 682 ming 850 ta va 2023 yilda 683 ming 796 ta ajralish ro‘yxatga olingan. 2024 yilda ajralishlar soni 6 foizga, ya’ni 644 mingtagacha kamaygan, biroq bir vaqtning o‘zida tuzilgan nikohlar soni ham kamayib, 7 foizga kamaygan.
2025 yildan boshlab Rossiyada ajrashish uchun to‘lov 650 rubldan 5000 rublgacha ko‘tarildi. Rasmiylar to‘lovning qariyb sakkiz baravarga oshganini “rus oilalarini mustahkamlash” istagi bilan izohladi.
Ajrashish sababi nimalardan iboratligi bo‘yicha aholi orasida so‘rovnoma o‘tkazilgan. Unda qatnashgan rossiyaliklarning uchdan bir qismi (33 foiz) ajralish sabablari sifatida qashshoqlik va oilasini boqa olmaslikni, 15 foizi tushunmaslikni, yana 14 foizi xiyonat va rashkni sabab qilib ko‘rsatgan.
Psixolog Aleksey Roshin mamlakatdagi umumiy “qo‘rquv va vahima muhiti” ham so‘nggi yillarda nikoh barqarorligiga ta’sir qilgan bo‘lishi mumkinligini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon joriy yilning 1 oktyabr kuni qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritdi va nikohni bekor qilish uchun davlat boji miqdorini oshirdi.
Live
Barchasi