Qonun chala. Oila kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartishlar rad etildi

Jamiyat

image

Senatining  bugun, 4 avgust kuni bo‘lib o‘tayotgan yigirma to‘qqizinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun senatorlar tomonidan rad qilindi. 

Muhokama jarayonida Qonunda qayta ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan qator masalalar mavjudligi qayd etildi.

Jumladan, Oila kodeksining amaldagi 13-moddasida uzrli sabablar bo‘lganda fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organi bir oy o‘tgunga qadar nikoh tuzishga ruxsat berilishi, alohida hollarda, masalan homiladorlik, bola tug‘ilishi, bir tarafning kasalligi va boshqa holatlarda nikoh ariza berilgan kuni tuzilishi mumkinligi qayd etilgan. Biroq ko‘rib chiqilayotgan qonun bilan mazkur normalar chiqarib tashlanmoqda.

Bunga asos sifatida Qonun bilan kiritilayotgan boshqa o‘zgartishlar ko‘rsatilgan. Xususan, endilikda nikoh tuzish fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlariga ariza berganidan keyin bir oy o‘tgach emas, balki ariza berganidan va belgilangan tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tganidan keyin amalga oshirilishi nazarda tutilgan.

Ammo, nikoh tuzish fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlariga ariza berganidan va belgilangan tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tganidan keyin qancha muddat davomida o‘tkazilishi noaniqligicha qolgan.

Shunga ko‘ra, mazkur normaning qabul qilinishi alohida hollarda, ya’ni homiladorlik, bola tug‘ilishi, bir tarafning kasalligi va boshqa holatlarda nikohni ariza berilgan kunning o‘zida tuzish imkoniyatini cheklashga olib kelishi va bu o‘z navbatida nikohlanuvchi shaxslarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lishi mumkinligi qayd etildi.

Oila kodeksining amaldagi 17-moddasiga muvofiq nikohlanuvchi shaxslar 50 yoshdan oshgan bo‘lsa, shuningdek alohida hollarda, jumladan homiladorlik, bola tug‘ilishi, bir tarafning kasalligi va boshqa holatlar mavjud bo‘lganda tibbiy ko‘rikdan o‘z roziligi bilan o‘tkaziladi.

Qonun bilan kiritilayotgan o‘zgartishga asosan, 50 yoshdan oshgan nikohlanuvchi shaxslar yoki o‘rtada bolasi (bolalari) bo‘lgan nikohlanuvchi shaxslar uchun, shuningdek homilador ayol va uning tug‘ilajak bolasini o‘z bolasi deb tan oluvchi shaxs uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tish ixtiyoriy hisoblanishi ko‘rsatilmoqda.

Mazkur o‘zgartishlarga asosan, endilikda yuqorida qayd etilgan ayrim shaxslarning tibbiy ko‘rikdan o‘tishi nikohlanuvchi shaxslarning aynan o‘z roziligi bilan emas, balki ixtiyoriy ravishda amalga oshirilishi qayd etilmoqda.

Bundan tashqari, amaldagi tahrirda nazarda tutilgan bir tarafning kasalligi mavjud hollar Oila kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartishlar jarayonida e’tibordan chetda qoldirilgan. Bu esa, o‘z navbatida bu toifadagi shaxslar huquqlarining cheklanishiga olib keladi.

Shu bilan birga Oila kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartishga ko‘ra nikohni qayd etishning bir oylik muddatini bekor qilish hamda nikoh tuzish fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlariga ariza berilganidan va belgilangan tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tilgandan keyin amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda.

Biroq ushbu normani kiritishda takliflar yetarli darajada asoslantirilmagan, shuningdek milliy va xorijiy mamlakatlar tajribasi chuqur o‘rganilib, tahlil qilinmagan.

Jumladan, qonun tashabbuskorlari tomonidan ayrim xorijiy mamlakatlarda nikohni qayd etishdagi muddatlarning mavjud emasligi yoki ularning qisqaligi bayon etilgan bo‘lsa-da milliy qonunchiligimiz tizimi o‘zaro yaqin bo‘lgan boshqa bir qator xorijiy va MDH davlatlarida ushbu muddatlar hali ham mavjud. Masalan, Rossiya (1 oydan kam bo‘lmagan va 12 oydan ko‘p bo‘lmagan muddatda), Armaniston (1 oydan kam bo‘lmagan 3 oydan ko‘p bo‘lmagan), Ozarbayjon va Qozog‘iston (1 oy muddatda) hamda boshqa ko‘plab mamlakatlarda nikoh tuzishda tegishli muddatlar saqlanib qolgan.

Amaldagi norma va qoidalar, ya’ni nikohni qayd etishdagi muddatlarning mavjudligi nikohdan o‘tuvchilarning o‘z qarorlarini puxta o‘ylab ko‘rishlariga, yoshlar tomonidan shoshma-shosharlik bilan nikohdan o‘tishga yo‘l qo‘ymaslikka, ularni oilaviy hayotga tayyorlashga, mamlakatda ajrashishlar sonining kamayishiga imkon berishi mumkinligi jihatidan talqin etilmoqda hamda bu bo‘yicha tegishli qator qonunosti hujjatlari ham qabul qilinganligi ta’kidlab o‘tildi.

Yuqoridagilarga asoslanib, senatorlar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunni rad qilish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Oila kodeksi

Baholaganlar

28

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing