Qamoqxonalar Adliya vazirligi qaramog‘iga o‘tadimi? – Vazir javob berdi (video)
Jamiyat
−
28 mart 2023
10132Adliya vazirligi qamoqxonalarni o‘z qaramog‘iga olishni rejalashtirmayapti. Bu haqda vazir Akbar Toshqulov bugun, 28 mart kuni omaviy axborot vositalari bilan o‘tkazgan matbuot anjumani davomida aytib o‘tdi.
Angjumanda jurnalistlardan biri dunyoning ayrim mamlakatlarida qamoqxonalar nazorati Adliya vazirligida ekanini aytib, O‘zbekistonda ham bunday reja bor-yo‘qligini so‘radi.
“To‘g‘ri, Adliya vazirligi insonlarga yordam beradi. Lekin qamoqxonalarda hamma narsani ochiqlab bo‘lmaydi. U yerda kuch ishlatar tizimi bo‘lishi kerak. U yerda namunali fuqarolarimiz o‘tirgani yo‘q. Shu nuqtayi nazardan bizda tizim shakllangan. Uni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Hozir bunday reja yo‘q”, deydi vazir.
Akbar Toshqulov buni O‘zbekistonning huquq tizimlari bilan boshqa mamlakatlarning huquq tizimlari har xil ekani bilan izohladi.
“Adliya vazirligi barcha mamlakatlarda ham inson huquqlarigagina javobgar emas. Masalan, Amerika yoki Yevropaning ko‘p davlatlarida kuch ishlatar organlar ham adliya tizimiga kiritilgan. Shuningdek, qamoqxonalar ham. Bizda esa unday emas. Kuch ishlatar tizimimiz alohida, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar ham alohida. Shuning uchun prokuratura ham alohida tizim sifatida kiritilgan. Bir tizimni osonlik bilan o‘zgartirib bo‘lmaydi. Huquq tizimi 100-200 yillar davomida shakllangan. Shuning uchun birdaniga ko‘chirib olishga imkoniyatimiz yo‘q”, deb ta’kidladi Toshqulov.
Uning aytishicha, ba’zi qo‘shni mamlakatlar qamoqxonalarni adliya tizimiga o‘tkazib ko‘rgan, lekin ko‘p o‘tmay, yana eski holiga qaytarilgan. Bunga misol tariqasida vazir qo‘shni Qozog‘istonni keltirdi.
Ma’lumot uchun, sobiq Adliya vaziri Ruslanbek Davletov ham bundan 4 yil avval jazoni ijro etish muassasalarining Adliya vazirligi tizimiga o‘tkazish ehtimoli haqidagi savolga javob qaytarib, jazoni ijro etish muassasalari Adliya vazirligida emas, Ichki ishlar vazirligi tasarrufida bo‘lishi to‘g‘ri ekanini aytgan edi.
Davletovning fikricha, qamoqxona va koloniyalarning bo‘ysinuvi bo‘yicha organ o‘zgargani bilan tizim o‘zgarib qolmaydi.
LiveBarchasi