Endi qamoqxonalarga konditsioner o‘rnatiladi

Olam

image

AQSHning Texas shtatidagi qamoqxonalarda jazirama issiq sababli yuzaga kelayotgan og‘ir sharoitlar ortidan federal sudya barcha qamoqxonalarga 2029 yil oxirigacha konditsioner o‘rnatishni buyurdi. Bu haqda “The Texas Tribune” xabar berdi

Qayd etilishicha, AQSH okrug sudyasi Robert Pitman joriy yilning 22 sentyabr kuni chiqargan 150 sahifalik qarorida konditsionersiz Texas qamoqxonalaridagi sharoitlar Konstitutsiyaning sakkizinchi tuzatishiga zid ekanini qayd etgan. Mazkur tuzatish shafqatsiz va g‘ayrioddiy jazolardan himoya qilishni nazarda tutadi.

Sudya Texas Jinoyat ishlari bo‘yicha departamentiga (TDCJ) shtatdagi barcha qamoqxonalarga konditsioner o‘rnatish bo‘yicha rejani zudlik bilan ishlab chiqish va amalga oshirishni topshirgan. O‘rnatish ishlari 2029 yil 31 dekabrgacha yakunlanishi kerak.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 1 sentyabr holatiga departament tasarrufidagi 104 ta muassasaning uchdan biridan sal ko‘prog‘i to‘liq konditsionerlangan. Qamoqxonalarda mavjud 53 676 ta sovutiladigan o‘rin sababli qariyb 90 ming mahbus konditsionersiz sharoitda qolmoqda.

Sudya qarorida Texas qamoqxonalarida haddan tashqari issiq oqibatida jarohatlanish, o‘lim va azob-uqubatlar har yozda takrorlanayotgani qayd etilgan. Pitmanning yozishicha, 2023–2025 yillarda kamida 9 nafar mahbusning haddan tashqari issiq tufayli vafot etganini ko‘rsatuvchi ishonchli dalillar mavjud. Sudya bu raqam kam baholangan bo‘lishi mumkinligini ham bildirgan.

Texas Jinoyat ishlari bo‘yicha departamenti esa sud qaroriga rozi emasligini va unga apellyatsiya berishini ma’lum qilgan. Departament qamoqxonalarda jaziramaga qarshi choralar, jumladan, sovutiladigan xonalar, suv, sovuq dush, ventilyatorlar va sovituvchi sochiqlardan foydalanilayotganini bildirgan.

Shuningdek, departament joriy yil oxirigacha sovutiladigan o‘rinlar sonini 60 mingtagacha, 2028 yilga kelib esa 90 mingtagacha yetkazishni rejalashtirgan. Biroq shtatdagi qamoqxonalarga to‘liq konditsioner o‘rnatish qiymati 1,5 milliard dollargacha yetishi mumkin.

Sudya departamentdan konditsioner o‘rnatish jarayoni bo‘yicha har olti oyda sudga hisobot taqdim etishni ham talab qilgan. Birinchi hisobot 2027 yil 22 martgacha topshirilishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroilning milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir terrorchilikda aybdor deb topilgan falastinliklarni osib o‘ldirish uchun qurilayotgan maxsus majmua aks etgan videoni e’lon qilgani haqida xabar berilgan edi. 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing