Qamoqqa olinganlar oldindan majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi
Jamiyat
−
18 mart
1407Endilikda O‘zbekistonda qamoqqa olinganlar tergov hibsxonasiga joylashtirilishidan oldin o‘sha yerning o‘zida majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi mumkin. Bu haqda kecha, 17 mart kuni Senatning beshinchi yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan “Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga qamoqqa olinganlarga nisbatan qiynoqqa solish hollarining oldini olishga qaratilgan qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonunida so‘z boradi.
Qayd etilishicha, muhokama qilingan mazkur qonunda qamoqqa olinganlar tergov hibsxonasiga joylashtirilishidan oldin o‘sha yerning o‘zida majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi nazarda tutilmoqda.
“Ushbu qonunning qabul qilinishi insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizligi kafolatlari yanada mustahkamlanishiga, davlatimizning inson huquqlari ta’minlanishi bo‘yicha xalqaro hamjamiyat oldidagi nufuzi oshishiga xizmat qiladi”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, qonunning hayotga tatbiq etilishi fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini yanada oshirishni, ularning buzilgan huquq va erkinliklari, shuningdek qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlaydi.
Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Eslatib o‘tamiz, fevral oyida jazoni ijro etish koloniyasidan 2 o‘lik chiqqani xabar qilingandi. Shuningdek, Surxondaryoda ham jinoyat ishi doirasida tergovga jalb qilingan 50 yoshli fermer Tohirjon Hayitov o‘lik holda oilasiga topshirilgandi.
LiveBarchasi