Rossiyada migrantlar uchun tibbiy ko‘rik qoidalari kuchaytirildi
Olam
−
11 iyun 2398 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin migrantlar uchun majburiy tibbiy ko‘rik qoidalarini kuchaytiruvchi qonunni imzoladi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
Avval migrantlar Rossiyaga kirganidan so‘ng 90 kun ichida xavfli yuqumli kasalliklar va OIV mavjudligini aniqlash hamda giyohvand moddalar iste’moli bo‘yicha tibbiy ko‘rikdan o‘tishi kerak edi. Yangi qonunga ko‘ra, bu muddat 30 kungacha qisqartirildi.
Shuningdek, qonun mehnat migrantlari va Rossiyada 90 kundan ortiq qolishni rejalashtirayotgan chet el fuqarolari uchun har yili qayta tibbiy ko‘rikdan o‘tishni majburiy etib belgilaydi.
Tibbiy tekshiruv natijalari davlat axborot tizimiga kiritiladi. Agar giyohvand moddalar iste’moli, xavfli yuqumli kasalliklar yoki OIV aniqlansa, bu haqdagi ma’lumotlar avtomatik ravishda Rossiya Ichki ishlar vazirligiga yuboriladi.
Tibbiy ko‘rik xarajatlari migrantlarning o‘zi yoki ularning ish beruvchilari tomonidan qoplanadi. Bundan tashqari, bunday tekshiruvlarni faqat davlat tomonidan vakolat berilgan tashkilotlar o‘tkazishi mumkin.
Ma’lum qilinishicha, qonun 2026 yil 1 sentyabrdan kuchga kiradi.
Shuningdek, Putin tibbiy ko‘rikdan o‘tishni rad etgan yoki undan bo‘yin tovlagan migrantlarga nisbatan 25 mingdan 50 ming rublgacha jarima solish hamda ularni mamlakatdan chiqarib yuborish imkoniyatini nazarda tutuvchi qonunni ham imzolagan.
Tibbiy tekshiruv qoidalarini buzganlik uchun fuqarolarga 25 mingdan 100 ming rublgacha, mansabdor shaxslarga 100 mingdan 200 ming rublgacha, yuridik shaxslarga esa 300 mingdan 1 million rublgacha jarima qo‘llanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish doirasida o‘tkazilgan reydlar natijasida 6 mingga yaqin chet el fuqarosini mamlakatdan chiqarib yuborish haqida qaror qabul qilingandi.
Live
Barchasi