Qamoqqa olingan Imomo‘g‘li aholini mitingga chiqishga chaqirdi
Olam
−
23 mart
8114Korrupsiya ishi bo‘yicha hibsga olingan Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘li aholini bugun, 23 mart kuni o‘tkaziladigan ommaviy mitinglarda qatnashishga chaqirdi. U shu haqdagi chaqirig‘ini X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida e’lon qildi.
“Aziz yurtdoshlarim, bugun Turkiya katta xiyonatni boshdan kechirdi. Sud jarayoni sud emas, bu suddan tashqari qatldir. Men xalqimizni o‘z huquqlari uchun mas’uliyat bilan kurashishga chaqiraman. Bu millatimiz, farzandlarimiz kelajagi masalasidir. Bugun Turkiyaning kelajagi uchun albatta ovoz bering. Keyin Istanbuldagi Sarachxonadagi [shahar hokimiyati qarshisidagi maydon] va boshqa viloyatlardagi maydonlarda yig‘ilib, o‘z pozitsiyangizni bildiring”, deb yozdi Imomo‘g‘li.
U “ovoz bering”, deb bo‘lajak prezidentlik saylovlarida o‘z nomzodini tasdiqlash uchun bugun muxolifatdagi Jumhuriyat Xalq partiyasi (JXP) tomonidan o‘tkazilgan praymerizni nazarda tutgan. Bu masala bo‘yicha ovoz berishdan tashqari, partiya Turkiya bo‘ylab birdamlik deb atalmish ovoz berishni ham o‘tkazmoqda, bu yerda istalgan fuqaro mamlakatdagi mavjud vaziyatga norozilik bildirish uchun byulletenni to‘ldirishi mumkin.
Turkiya hukumati prezidentlik va hukumat darajasidagi JXP amaldorlarining fuqarolarni ko‘chaga chiqishga chaqirishlarini keskin tanqid qildi. Respublika Adliya va Ichki ishlar vazirliklari bu kabi tashabbuslarni jamiyat tinchligi uchun xavfli, nomaqbul, deb baholab, aholini norozilikka chaqirish mamlakatda tartibsizlik va xavfsizlikka putur yetkazish xavfi borligini ta’kidladi.
JXP ma’lumotlariga ko‘ra, kecha, 22 mart kuni Istanbul hokimligi oldida va uning atrofidagi hududlarda bir millionga yaqin odam yig‘ilgan. Istanbul, Anqara va Izmirda rasmiylarning buyrug‘i bilan 25 martgacha ommaviy norozilik namoyishlari o‘tkazish taqiqlangan. Shunga qaramay, 19 martdan beri har oqshom bu shaharlarda muxolifat mitinglari kuchaytirilgan xavfsizlik choralari bilan o‘tkazilmoqda. Shu bilan birga, mahalliy politsiya bilan to‘qnashuvlar vaqti-vaqti bilan sodir bo‘lmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 23 mart kuni sud qarori bilan Imomo‘g‘li “korrupsiya” tergovi doirasida hibsga olingandi.
Istanbul Bosh prokuraturasi Imomo‘g‘li “qurolli terror tashkilotiga yordam berganligi bo‘yicha kuchli gumon” borligini, ammo uni moliyaviy jinoyatlar uchun hibsga olish qarori allaqachon chiqarilgani sababli, uning yana hibsga olinishi “hozirgi bosqichda zarur emas”ligini bildirdi.
LiveBarchasi
Trenddagilar


