Qamoq. Erdo‘g‘anning taqdiri Imomo‘g‘lida takrorlanyapti

Tahlil

Hibsga olinishi ortidan ommaviy noroziliklar kelib chiqqan turkiyalik siyosatchi va ayni paytda Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anning asosiy raqibi sifatida ko‘rilayotgan Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘li so‘nggi kunlarda dunyo ommaviy axborot vositalari qahramoni bo‘lib turibdi. Ko‘pgina tahlilchilar ikki raqibning karerasida bir qancha o‘xshashliklar borligini ta’kidlaydi. Imomo‘g‘lini Erdo‘g‘an izidan bormoqda deyish ham mumkin, faqat bu g‘oyalar boshqacha bo‘lgani holda siyosat zinapoyalaridan ko‘tarilishda ko‘rinadi. Masalan, ikkisi ham Qora dengiz bo‘ylarida ulg‘aygan, diniy ta’lim olgan va jonkuyar futbolchi bo‘lgan hamda siyosatdagi muhim pozitsiyalari Istanbulga hokimlik davrida shakllangan. Eng qizig‘i, har ikkisi ham bakalavrlik diplomlari bilan bog‘liq mojarolarga duch kelgan. Lekin bugun holatning boshqa tomoni – ikkisining ham hokimlik davrida hibsga olinishidagi tafsilotlarini jamlashtiramiz.

Istanbul hokimligi va qamoq

Erdo‘g‘an. U 1994 yili saylovlarda yutib chiqib, Istanbulning ilk islomchi hokimiga aylandi va shundan boshlab ushbu yirik shaharning muammolariga yechim topa boshladi. Jumladan, uzoq vaqtdan beri hal qilinishi kutilgan ichimlik suvi muammosini bartaraf qilish uchun yuzlab kilometrlik ichimlik suvi quvurlari yotqizildi. Chiqindilarni qayta ishlash uchun yirik va zamonaviy korxonalar ishga tushirildi. Istanbulni 2 milliard dollar qarzdorlik bilan qabul qilgan Erdo‘g‘an keyinchalik 4 milliard dollarlik sarmoyaga erishadi.

Erdo‘g‘an amalga oshirgan islohotlar uning obro‘yini oshirib borardi. Natijada 1995 yil uning partiyasi “Refah” (Farovonlik) parlamentda eng ko‘p o‘rinni qo‘lga kiritdi. Shu tariqa, Najmiddin Erbaqon mamlakat tarixidagi birinchi islomchi Bosh vazirga aylandi. U Turkiyaning siyosatini G‘arbga taqlid deb atadi hamda butun dunyo bo‘ylab musulmonlar birdamligi kampaniyasini e’lon qildi. Erbaqon amalga oshirayotgan ishlar mamlakat armiyasi tomonidan dunyoviylikka tahdid sifatida ko‘rildi hamda Milliy xavfsizlik kengashining 1997 yil 28 fevralda o‘tgan yig‘ilishida hukumat dunyoviy qonunlarni amalga oshirishga chaqirildi. Xususan, 8 yillik uzluksiz ta’lim, diniy maktablar tekshirilishi va Milliy ta’lim vazirligiga o‘tkazilishi lozimligi, Qur’on kurslari nazorat qilinishi kabi qarorlar shular jumlasidan.

Najmiddin Erbaqon ushbu talablar yumshatilsagina ularni qabul qilishga rozi bo‘lishini ma’lum qildi. Shundan so‘ng Erbaqon koalitsiya kelishuviga binoan 1997 yilning 18 iyunida hukumat rahbarligini “To‘g‘ri yo‘l” partiyasi rahbari Tansu Chillerga topshirib, iste’foga chiqdi. Biroq 19 iyun kuni vaziyat o‘zgardi. O‘sha vaqtdagi prezident Sulaymon Demirel “Ona Vatan” partiyasi rahbari Mas’ud Yilmazga hukumat tuzish vazifasini topshirdi. Ushbu voqea Turkiya tarixida “sokin to‘ntarish” deb ataladi. Keyinroq, 1997 yilning 21 may kuni apellyatsiya Oliy sudi Bosh prokurori Vural Savash “Farovonlik” partiyasiga qarshi “dunyoviylik tamoyilining buzilishi” bo‘yicha ish ochdi hamda 1998 yil 16 yanvarda partiya faoliyatini tugatish va aktivlarini davlat g‘aznasiga topshirish to‘g‘risida hukm chiqarildi. Erbaqon va uning 5 nafar maslakdoshi 5 yilga siyosiy faoliyatdan chetlatildi.

Erbaqonning vorisi sifatida uning ishlarini davom ettirishi kutilgan Erdo‘g‘an 1997 yil 6 dekabr kuni Turkiyaning sharqiy qismidagi Siirt viloyatida 5 ming kishi qarshisida nutq so‘zlaydi. O‘z nutqida u Turkiyada fikr va e’tiqod erkinligi yo‘qligini hamda irqiy kamsitishlar mavjudligini ta’kidlaydi:

“Turkiyada fikr erkinligi yo‘q va irqiy kamsitish amalga oshirilmoqda. Bizning dasturulamalimiz Islomdir. Ular bizni hech qachon yengolmaydilar. Hatto, G‘arb aholisi ham e’tiqod erkinligiga ega. Nega bu Turkiyada hurmat qilinmaydi? Biz, albatta, Turkiyada irqiy segregatsiyaga chek qo‘yamiz. Chunki “Farovonlik” partiyasi boshqa partiyalar bilan qarama-qarshi fikrga ega. Agar osmon va yer yorilsa, toshqinlar va vulqonlar ustimizga otilsa ham biz yo‘limizdan yuz o‘girmaymiz. Mening dasturulamalim Islomdir”.

Erdo‘g‘an safar davomida Siirt brigada generali Sodiq Erjan bilan ham uchrashishi kerak edi. Biroq general uni qabul qilishni istamaydi. Ushbu holat ham islomchilar hamda armiya o‘rtasidagi keskinlikning ifodasi edi. Erdo‘g‘an Siirtdagi nutqi davomida Ziyo Go‘kalpning 1912 yil Bolqon urushi vaqtida yozilgan va 1913 yilda “Halka Doğru” jurnalida bosilib chiqqan “Askar duosi” she’rining ba’zi misralarini o‘zgartirgan holda o‘qiydi:

Minoralar – nayza, gumbaz – dubulg‘a,

Masjidlar – qal’a, mo‘minlar – askar.

Bu ilohiy lashkar dinimni kutar

Allohu Akbar, Allohu Akbar!

She’rdan so‘ng u:

“Har bir davrning fir’avnlari va Namrutlari bordir. Biroq ularning qarshisiga chiqadigan Muso va Ibrohimlar to‘siqlarni yengib, yo‘llarni tozalaydilar”, deydi.

1997 yil 7 dekabrda uning shu so‘zlari uchun “irq, din va mazhablar o‘rtasida nafrat qo‘zg‘ash” bo‘yicha jinoiy ish ochiladi. Qizig‘i shundaki, bu she’r mamlakat Milliy ta’lim vazirligi o‘qituvchilar va o‘rta maktab o‘quvchilari uchun tavsiya etgan “Turk va Turkiylik” nomli kitobga kiritilgan edi. Shunga qaramay, u 1998 yil 21 aprelda 1 yilga ozodlikdan mahrum qilinib, 860 ming turk lirasi miqdorida jarimaga tortilgan. To‘rt oylik qamoqdan so‘ng, apellyatsiya sudi qarorni o‘zgartirib, Erdo‘g‘anni ozod qildi.

Ozodlikka chiqqach, Erdo‘g‘an 2001 yilda “Adolat va taraqqiyot” partiyasiga asos soladi va 2002 yildagi saylovlardayoq bu partiya Turkiya Buyuk Millat Majlisidagi o‘rinlarning uchdan ikki qismini egallaydi.

2003 yilda Bosh vazir, 2014 yilda esa Turkiyaning xalq tomonidan saylangan birinchi Prezidentiga aylandi. U 20 yildan oshiq “hukmronligi” davomida katta yo‘lni bosib o‘tdi. Erdo‘g‘an 2016 yilgi davlat to‘ntarishidan ham “omon” qoldi. Biroq endi u faoliyati davomidagi eng jiddiy sinovlarga duch kelmoqda. Noan’anaviy iqtisodiy siyosat oqibatida yuzaga kelgan shiddatli inflyatsiya va 2023 yilning fevral oyida 50 mingdan ortiq odamning o‘limiga olib kelgan halokatli zilzilalardan keyin Erdo‘g‘anning kursisini sezilarli darajada qimirlab qolgan deyish mumkin. Yevropa Ittifoqi va AQSH bilan munosabatlardagi birmuncha “qaysar” siyosati ham G‘arbda uning hokimiyatdan ketishiga istaklarni kuchaytirib yubordi.

Imomo‘g‘li. Jumhuriyat xalq partiyasi (JXP)ning faol vakili o‘laroq so‘nggi 3 ta mahalliy saylovlarda hukmron partiya nomzodlari ustidan ketma-ket g‘alaba qozonib kelayotgan 55 yoshli Ekrem Imomo‘g‘li 19 mart kuni bir necha jinoyatlarda ayblanib, yuzlab tarafdor hamda yordamchilari bilan birga hibsga olindi. E’tiborlisi shuki, mazkur “operatsiya” JXP 23 mart kuni kelgusidagi 2028 yilgi prezidentlik saylovlariga partiya nomzodini tasdiqlash uchun ichki saylov o‘tkazishni rejalashtirayotgan va ochiq xabarlarga ko‘ra, Imomo‘g‘li mana shu nomzod o‘laroq kutilayotgan bir paytda sodir bo‘ldi. Bu JXP yetakchisi O‘zg‘ur O‘zel va boshqa tarafdorlar tomonidan Erdo‘g‘anning o‘z raqibini maydondan olib tashlash harakati deya baholanmoqda.

Imomo‘g‘li hibsga olinganidan ko‘p o‘tmay, Adliya vaziri Yilmaz Tunch Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan 2 ta tergov harakatlari olib borilayotganini ma’lum qildi. Biri terrorizm, ikkinchisi esa uyushgan jinoyatlar. Terrorizmga oid jinoyatlarni tergov qilish bo‘yicha byuro tomonidan olib borilayotgan tergov doirasida 7 kishiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Ushbu tergovda gumonlanuvchilar terrorchilik tashkilotiga yordam berish jinoyatini sodir etganliklari iddao qilinmoqda. Bu terrorchilik tashkiloti esa Turkiyaga uzoq yillardan buyon xavf tug‘diradigan Kurdiston ishchi partiyasi terrorchi tashkilotidir. Shuningdek, Uyushgan jinoyatlarni tergov qilish byurosi tomonidan ham tergov harakatlari olib borilmoqda. Ushbu tergov doirasida esa 100 nafar gumonlanuvchiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Ular jinoiy uyushma tarkibida poraxo‘rlik, tovlamachilik, kimoshdi savdolarida til biriktirish, firibgarlik, shaxsiy ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda egallash kabi jinoyatlarni sodir etganliklari aytilmoqda. Shunday qilib, ikkala tergov bo‘yicha jami 106 nafar gumonlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Istanbul Bosh prokuraturasining bayonotidan ma’lum bo‘lishicha, tergov materiallari orasida Moliyaviy jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi hisobotlari, soliq ekspertizasi xulosalari, depozitlar haqida hisobotlar, guvohlarning bayonotlari va boshqa dalillar mavjud. Xo‘sh, terrorizm bo‘yicha 7 kishi, uyushgan jinoyatchilik bo‘yicha 100 kishi qo‘lga olindi. Ammo jami gumondorlar 107 emas, 106 nafarni tashkil qiladi. Hayron qoladigan joyi yo‘q. Chunki Istanbul hokimi yuqorida qayd etilgan ikkala tergovda, ya’ni terrorizmda ham, uyushgan jinoyatchilikda ham gumonlanmoqda. U bu borada 106 kishi ichida yagona.

Erdo‘g‘an o‘zining qat’iy siyosatini olib borayotgan bir paytda Imomo‘g‘lining ham o‘z pozitsiyasidan chekinmayotganini ko‘rish mumkin. Har ikki siyosatchi bir-biriga nisbatan keskin qarama-qarshi g‘oyalarni ilgari surar ekan, vaziyat keskin tus olmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Rajab Toyib Erdo'g'an qamoq Ekrem Imomo'g'li Istanbul hokimligi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing