Endi narkolaboratoriya tashkilotchilari 10 yilgacha qamalishi mumkin
Jamiyat
−
12 iyun 1861 2 daqiqa
Endi O‘zbekistonda narkolaboratoriya tashkil qilganlar 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin. Bu haqda kecha, 11 iyun kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun xujjatlariga giyoxvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglarining va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlikni takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda so‘z boradi.
Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglarini ishlab chiqarish, tayyorlash yoki qayta ishlash uchun g‘ayriqonuniy narkolaboratoriya tashkil etish 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilandi.
Shuningdek, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, ularning analoglari yoki kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni iste’mol qilish yoxud tarqatish uchun bangixona tashkil qilish yoki saqlash 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Shu bilan birga, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglari yoxud kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasiga homiylik qilish 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaxarli moddalarni o‘g‘rilik yoki firibgarlik yo‘li bilan qonunga xilof ravishda egallash:
- 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari;
- 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash;
- 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda tegishli organlar tomonidan joriy yilning dastlabki 5 oyi davomida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida qariyb 1,2 tonna narkotik moddalar aniqlanib, 59 ta yirik narkojinoiy to‘da qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi