Qamoqdagi Atamboyev Merkelni tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi. Japarov esa jim
Olam
−
18 iyul 2021
8958Kecha, 17 iyul kuni Germaniya kansleri Angela Merkel 67 yoshni qarshiladi. Ammo bu safar uning tug‘ilgan kuni mamlakatdagi vayronkor toshqinlar bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi.
Ayni vaqtda qamoqda saqlanayotgan Qirg‘izistonning sobiq Prezidenti Almazbek Atamboyev Facebook orqali Merkel xonimni tabrikladi. Atamboyevning so‘zlariga ko‘ra, butun dunyo Angela Merkelning o‘z mamlakatining ravnaqi uchun ulkan ishlar qilganini biladi. U nemis siyosatchisini eng obro‘li dunyo rahbarlaridan biri deb atagan.
“Siz qirg‘iz-german hamkorligini rivojlantirish va mustahkamlashga katta hissa qo‘shgansiz va biz mamlakatimizga ko‘rsatilayotgan yordam uchun minnatdormiz. Men va oilam sizning Qirg‘izistonga tashrifingiz va tog‘larga unutilmas sayohatimizni doim xotirlaymiz”, degan Almazbek Atamboyev.
Ma’lumot uchun, Angela Merkel 2016 yilda Qirg‘izistonga rasmiy tashrif bilan kelgan.
Qayd etilishicha, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovning rasmiy saytida Angela Merkelga tabrik joylashtirilmagan. Protokolga ko‘ra, do‘st davlatlar rahbarlariga Prezident nomidan tabriklar, shu jumladan tug‘ilgan kun bilan tabrik, odatda, mamlakat rahbarining matbuot xizmati tomonidan OAVga yuboriladi. Xususan, 29 iyun kuni Sadir Japarov Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Bedimuhamedovni tug‘ilgan kuni bilan tabriklagandi.
Eslatib o‘tamiz, 13 iyuldan beri Gemaniyaning g‘arbiy va janubi-g‘arbiy qismida kuchli yomg‘ir yog‘ib, halokatli toshqinlarni keltirib chiqardi. Daryolar qirg‘oqlaridan toshib, butun boshli qishloqlarni oqizib ketdi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, toshqinlar oqibatida 156 kishi halok bo‘lgan.
LiveBarchasi