Qalbaki dori sotgan feldsher ushlandi

3-sahifa

image

Namangan viloyatida qalbaki dori vositalarini tayyorlash va sotish bilan shug‘ullangan tibbiyot xodimi ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi. 

Bildirilishicha, DXXning Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan bojxona va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda Chortoq tuman Tibbiyot birlashmasining tez yordam bo‘limida feldsher bo‘lib ishlovchi shaxs “Zodak”, “Anaferon”, “Xilak Forte” va “Vitamin V6” nomli dori vositalarini qalbakilashtirib, sotish bilan shug‘ullanib kelgani aniqlangan. 

Ushbu shaxs ming dona qalbaki “Zodak” dori vositasini Andijon viloyatiga sotish maqsadida olib ketmoqchi bo‘lgan vaqtida qo‘lga olingan. Shuningdek, uning xonadonida dori vositalari ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan yashirin sex borligi aniqlangan. U yerdan ham 763 dona “Anaferon”, 2 ming 125 dona “Zodak”, 4 ming dona “Vitamin V6” dori vositalari, 570 dona nomsiz flakonlarda siroplar, dori vositalarini qadoqlashda foydalaniladigan flakonlar, qutilar, yo‘riqnoma va yorliqlar topilgan.

Bundan tashqari, gumonlanuvchi shaxs ushbu dorilarni saqlashda qarindoshining uyidan ombor sifatida foydalangan. Ushbu xonadondan ham sotish uchun tayyorlab qo‘yilgan 120 dona “Zodak”, 260 dona “Anaferon”, 96 dona “Xilak Forte” hamda 313 dona nomsiz flakonlarda sirop holdagi dori vositalari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

DXX bergan ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu shaxs noqonuniy faoliyat bilan 2023 yilning sentyabr oyidan buyon shug‘ullanib kelgan. Uni dori vositalari bilan Andijon viloyatida yashovchi fuqarolar ta’minlab turgan. Yashirin sex sharoitida tayyorlangan dori vositalari, asosan, Andijon, Farg‘ona va Toshkent shaharlaridagi dorixonalarda sotuvga chiqarilgan.

Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi 2-qismi “b” va “ye” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, mazkur shaxsga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq qalbaki dori vositalarini tayyorlab, Andijon shahridagi tug‘uruqxonalar, shifoxonalar, xususiy klinikalar hamda Samarqand, Buxoro, Xorazm, Qashqadaryo, Surxondaryo, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahriga yetkazib bergan guruh ushlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Namangan fel'dsher Qalbaki dori

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made