Qadrli va aziz xalqim! - Ortiqxo‘jayev xalqni “Tashkent city”ga taklif qildi
Jamiyat
−
12 Oktabr 2019
11555Avval xabar qilganimizdek, 2018 yilda qurilishi boshlangan “Tashkent city” xalqaro ishbilarmonlik markazining ilk ob’ektlari – Kongress xoll va “Hilton” mehmonxonasi foydalanishga topshirildi. Ertadan toshkentliklar va poytaxt mehmonlari “Tashkent city”ga kelib, bog‘da hordiq chiqarishlari mumkin bo‘ladi.
Bugun Kongress xoll va “Hilton” mehmonxonasi foydalanishga topshirilishi munosabati bilan ziyofat uyushtirilgan. Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev esa ushbu ziyofatda "Qadrli va aziz xalqim", deya xalqiga yuzlangan. Jumladan, u shunday deydi:
"Qadrli va aziz xalqim! Bugun “Tashkent city” ochilish kunida o‘tiribmiz. Hammangizni ertadan boshlab “Tashkent city”ga kelishingizni, parkini ko‘rib, hordiq chiqarishingizni, oilangiz bilan mazza qilib Toshkentimizning yana bir bor keyingi "etap"da yutug‘imizni ko‘rishingizni tilab qolamiz. Taklif qilamiz!
Bu xalqimiz uchun, bu joy millatimiz uchun. Ilohim, millatimizga ushbu joy buyursin! Xalqimiz kelib, yayrasin. Farzandlari bilan o‘ynab-kulsin. Hammasi xalqimiz, O‘zbekiston xalqi uchun va aziz, mehribon millatimiz uchun".
Ma’lumot o‘rnida, Kongress xollning umumiy maydoni 43 ming kvadrat metr bo‘lib, unda yirik xalqaro anjumanlar, oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazish uchun barcha sharoit yaratilgan. Birinchi qavat markazida 3,5 ming ishtirokchiga mo‘ljallangan konferensiyalar zali bor. Zaruratga qarab, u ikki yoki to‘rtga bo‘linishi ham mumkin.
Xalqaro sammitlar vaqtida ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazish uchun xonalar, restoran, kichik konsert zali, dam olish joylari mehmonlarga keng qulaylik yaratadi. Ikkinchi qavatda qo‘shimcha zallar joylashgan.
Davlat rahbari Kongress xollning har bir zalini kirib ko‘rdi.
Besh yulduzli “Hilton” mehmonxonasi nafaqat ushbu markaz, balki butun poytaxtimizga ko‘rk bo‘ldi. 21 qavatli binoda 258 ta nomer mavjud. Shulardan 8 tasi davlat rahbarlari uchun mo‘ljallangan. Pardozlash va jihozlashda issiq ranglar ko‘p qo‘llanilgani kishiga xush kayfiyat bag‘ishlaydi. Barcha zamonaviy mehmonxonalarda bo‘lganidek, otelda bir nechta restoran, basseyn, sport zal, spa va boshqa salonlar bor.