Sergelida minglab odamlar zaharlanyapti

Tahlil

2019 yilda O‘zbekiston dunyoning barcha mamlakatlaridan o‘zib, tutundan zaharlanish yoki boshqacha aytganda tashqi havoning ifloslanishi oqibatida o‘lganlar bo‘yicha birinchi o‘rinni olgan. Dunyoning eng katta muammolari haqida tadqiqot olib boruvchi OUR WORLD IN DATA ma’lumotlar portalining 2019 yilgi tahlillariga ko‘ra, O‘zbekistonda har 100 ming aholidan 178 nafari tashqi havo ifloslanishi bilan bevaqt o‘lim topgan.

Ushbu ko‘rsatkich bugungi kunda yanada oshgan va yomonlashgan bo‘lishi mumkin. Xo‘sh, nima uchun aynan 2019 yildan  O‘zbekiston xavosi bunchalik ifloslana boshladi? Musaffo osmonimiz qani? Toshkent tutunga to‘lishiga sabab nima? Nima uchun odamlar tutundan o‘lyapti? Barcha savollarning javobi bitta – 12-protokol – bu mas’ullarning mas’uliyatsizlik bilan qabul qilgan hujjati. Buning oqibatida o‘zbekistonliklar is gazidanda xavfliroq gazdan zaharlanmoqda. Faqat uning ta’siri birdaniga emas, sekin, yillar davomida seziladi. Bu zaharga qarshi esa butun mamlakat bo‘ylab faqat bir kishigina kurashga otlangan. Bugun o‘sha qahramon va uning muammosi bilan sizni tanishtiramiz.

"Men Bekzod Akbarov, mutaxassisligim bo‘yicha energetikman. 2019 yilda shu uyni olganmiz. Boshida hammasi yaxshi edi. Lekin sovuq kunlar kelishi bilan isitish qozonlari ishga tushdi va hamma muammomiz boshlandi", deya o‘zini tanishtirdi murojaatchi.

Gap shundaki, 2019 yil 4 noyabrda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning 1560-sonli "Qurilishi tugallangan ob’ektlarni foydalanishga qabul qilish bo‘yicha Davlat qabul hay’atining dalolatnomalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, “O‘zshahar qurilish invest” MCHJ Toshkent shahar Sergeli (hozirgi Yangihayot) tumanida qurilgan 8-qurilish hududida jami 172 ta 7670 xonadonli uy-joylar, shuningdek, 9-hududdagi 35 ta ko‘p qavatli uylarni qurib foydalanishga topshirgan. 

Ko‘p qavatli uylarning har bir xonadoniga markazlashmagan holda issiq suv bilan ta’minlash uchun tabiiy gaz yoqilg‘isida ishlaydigan, ichki bozorda ishlab chiqilgan “ROYAL” individual yopiq yonish kamerasi bilan jihozlangan, avtomatlashtirilgan ikki konturli isitish qozonlari o‘rnatilib, tutun chiqargichi esa uyning fasad qismiga joylashtirilgan.

Fuqarolar suvni isitish uchun gaz yoqilg‘isida ishlaydigan isitish qozonlaridan foydalanishadi. Oqibatda yonish mahsulotlari uyning fasad qismiga o‘rnatilgan tutun chiqargich orqali havoga tarqaladi. Asosiy muammo esa havo chiqargich xonadon oynasiga qaratilganida. Uyi derazasini ochib, toza havodan nafas ololmayotgan, yonish mahsulotlaridagi zaharni yutaverib, allergiya kasalligiga chalingan, qurilish me’yorlari buzilganini ko‘rib, tan olayotgan mutasaddilar ham muammoga yechim topa olmaganidan charchagan, yolg‘iz o‘zi kurashga chiqqan faqaro QALAMPIR.UZ’ga murojaat qildi.

Har bir ob’ekt qurilishidan avval u qurilish me’yorlari talabiga javob berishi haqida hujjatlar imzolanadi. Yangihayot tumanidagi ko‘p qavatli uylar yashash uchun yaroqliligi, sanitariya qoidalariga amal qilingani tekshirilmay turib foydalanishga topshirildimi, deb o‘ylayotgandirsiz. Biz ham aynan shu savol bilan Bekzod Akbarovga yuzlandik. Murojaatchining taqdim etgan hujjatlardan ko‘rinib turibdiki, hududdagi barcha ko‘p qavatli uylar foydalanishga topshirilishidan avval tekshiruvlar o‘tkazilgan.

Aslida ichki bozorda ishlab chiqilgan “Royal” individual yopiq yonish kamerasi bilan jihozlangan avtomatlashtirilgan ikki konturli isitish qozonlarini har bir xonadonga, tutun chiqargichlarni xonadon fasadiga o‘rnatish masalasi 2018 yil 1 noyabr kuni Qurilish vaziri o‘rinbosari Kozim To‘laganov raislik qilgan, biz avvalroq tilga olgan 12-protokol imzolangan, “Texnik kengash” yig‘ilishida muhokama qilingan.

O‘shanda “O‘zshahar qurilish invest” muxandisi o‘rinbosari Elmurodov Sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi Toshkent shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda ikki konturli qozon ishlashi jarayonida uyning barcha xonalarida havo ko‘rsatkichi CO va boshqa zaharli moddalar aniqlanmaganini inobatga olib, “O‘zshahar qurilish invest” MCHJ uylarga umumiy tutun chiqargich o‘rnatmaslik, aksincha, ikki konturli isitish qozonlarini har bir xonadonga, havo chiqargichlarini esa xonadon fasadiga o‘rnatish masalasiga rozilik berishlarini so‘ragan.

“Texnik kengash” yig‘ilishi a’zosi bo‘lgan 2018 yilda “Sanoatkongeotexnazorat” eksperti hozirgi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi Gaz inshootlaridan xavfsiz foydalanish bo‘limi boshlig‘i X.Yusupov, ko‘p qavatli uylarga faqatgina sertifikati ega bo‘lgan, ikki konturli isitish qozonlarini umumiy tutun chiqargich orqali o‘rnatish shart ekanini talab qilgan.

Bayonnomada esa X.Yusupov isitish qozonlarini umumiy tutun chiqargichsiz o‘rnatishga rozilik bildirgani yozilgan. “Texnik kengash” ikki konturli qozonlarni yig‘ma tik mo‘ri o‘rnatmasdan yonish mahsulotlarini ko‘p qavatli uylarning fasadiga chiqarishga qaror qilib, 12-bayonnoma imzolangan. 

2018 yilda “Texnik kengash” a’zosi bo‘lgan X.Yusupov isitish qozonlarining tutun chiqargichlarini ko‘p qavatli uylarning fasadiga chiqarishga rozilik bermagani, hatto, bayonnomaga imzo chekmagani haqida QALAMPIR.UZ’ga shunday dedi:

“12-bayonnoma imzolanayotganda men o‘z fikrimni bildirganman. Bu hujjat ikkinchi o‘zgartirish edi. Birinchi hujjat tuzilgan vaqtda u hujjatni o‘zim ishlab chiqqandim. Oldin har bir xonadonga alohida individual qozonxona qurish mumkin emasdi. Markazlashgan qozonxona orqali xonadonlar issiq suv bilan ta’minlanardi. 2014 yilda 128-qaror asosida hujjatga ikkinchi o‘zgartirish kiritilgan. Unda 5 qavatdan ibrat ko‘p qavatli uylarga ma’lum shartlar asosida individual qozonxona qurish mumkinligi belgilangan. Aynan unda qozondan chiqadigan zaharli moddalar umumiy quvur orqali tomdan yuqoriga chiqishi kerakligi belgilangan. Har bir qavat umumiy quvurga ulanadi va uy tomidan havoga chiqib ketadi”.

Shuningdek, u 12-bayonnoma ko‘rib chiqilayotgan vaqtda bu usul qimmatga tushishini aytgan va qarshilik qilgan. Lekin ular bu usuldan foydalanilsa, uylar arzonroq qurilishi va xalqga ham arzonroq uy xarid qilish imkoni paydo bo‘lishini aytishgan.

“Men baribir qarshilik qilganman. Yuqoridagi talab bir emas, bir necha marta, oylab yozilgan. Inson hayoti pul bilan o‘lchanmaydi. Har bir xonadondan alohida zaharli moddalar chiqishi uchun dudbo‘ron o‘rnatilishi nafaqat o‘zi, balki qo‘ni-qo‘shnilarga ham zarar keltiradi. Bir uydan chiqadigan zaharli modda shamol yo‘nalishiga qarab tepadagi yoki yondagi qo‘shnilarga ham zarar keltirishini aytganimda, zamonaviy qozon o‘rnatish orqali muammoga yechim topishlarini, zamonaviy qozonlar 100 foiz yonishi va o‘zidan is gazi yoki boshqa zaharli moddalar chiqarmasligini aytishgandi. Bir nechta mutaxassislar gaz 100 foiz yonishi oqibatida CO is gazi chiqmasligini aytgandi. To‘g‘ri, CO bo‘lmas, lekin CO2 oddiy tutun bor. Tutun ham odamning nafas olishi uchun yaroqli emas. Odam organizmi doimiy CO2 bilan nafas olish uchun moslashmagan. Xullas, bir nechta sabablarni aytishimga qaramasdan 12-bayonnoma meni imzoim va roziligimsiz qabul qilindi. Men mutaxassis sifatida bu hujjatning imzolanishiga qarshiman”, dedi u.

Shu tariqa 12-bayonnomaga asosan 2019 yilning 19 sentyabr kuni 9-qurilish hududidagi 45 ta ko‘p qavatli uylar qurib bitkazilgan. 

“Uylar fuqarolarga topshirilishidan avval Toshkent shahar sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati sanitariya-gigiyena laboratoriyasi tomonidan yopiq xonalar havosini tekshirish bo‘yicha 12-sonli bayonnoma tuzilgan. Tekshiruv natijasi esa xonadonlarda Sanitariya qoidalari 0331-16 talabiga binoan faqatgina formadelgid (plastmassadan ajraladigan zaharli) moddasi aniqlanmaganini ko‘rsatadi.  Aslida Sanitariya qoida va normalari (SANPIN 0331-16) ning 10.1 bandida turar-joy binolarining havo muhiti undagi kimyoviy moddalar tarkibi, shovqin, tebranish, ultratovush, elektronik va elektron agroglash darajalari bo‘yicha talablar belgilangan”, demoqda fuqaro Akbarov.

Hujjatga asosan, uy qurib foydalanishga topshirilishi uchun yashash maydoni havosida 20 xil zaharli moddalar bor-yo‘qligi aniqlanishi kerak. Sanitariya-gigiyena laboratoriyasi 0331-16 normalarini buzib, faqatgina formadelgid (plastmassadan ajraladigan zaxarli) moddasi tekshirishgan. Tekshiruvdan maqsad fuqarolar salomatligini ta’minlash, ular turli moddalardan zaharlanmasligining oldini olishmi yoki hujjatlarga "tekshirilgan" degan tasdiq belgisini qo‘yish?

Ammo (hozirgi) Sanitariya-epidemiologiya va jamoat xavfsizligi qo‘mitasi bosh mutaxassisi Juman To‘ychiyevning aytishicha, ko‘p qavatli uylarga o‘rnatilgan individual tutun chiqargichlar amaldagi qonun talablariga ziddir.

"Amaldagi 0350-17-son SanQvaN talablariga muvofiq, ko‘p qavatli binolarda tutun chiqaruvchi mo‘rilar bino tomidan 1,5 metr balandlikda bo‘lishi lozimligi ko‘rsatib o‘tilgan. Toshkent shahar Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazining 2018 yil 24 oktabrda 04-11b/5044-sonli xatida berilgan xulosa esa tekshiruvlar o‘tkazilgan xonadonlarning oshxonalariga tegishli, xolos.

Ko‘p qavatli uylar xonadonlarida individual isitish qazonlari dudbo‘ronlarini (mo‘risini) o‘rnatish sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarida belgilanmasligi sababli ushbu talablar texnik-hujjatlarda (SHNQ, QMQ) aks ettirilgan bo‘lishi lozim", dedi To‘ychiyev.

Fuqaro Bekzod Akbarov tekshiruv o‘tkazilgani haqidagi hujjatni so‘rab, Toshkent shahar sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatiga murojaat qilgan. Xodimlar esa go‘yoki hujjatdan namuna beryapmiz, deb 2019 yil 19 sentyabr kuni tuzilgan bayonnomani bergan.

Respublika sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining uzoq yillik mutaxassisi asl haqiqatni QALAMPIR.UZ’ga aytib berdi. Uning ma’lum qilishicha, shahar "SES" tomonidan o‘tkazilgan bu tekshiruv natijalari ko‘p qavatli uylarda individual shaklda dudbo‘ronlarni o‘rnatishga asos bo‘la olmaydi.

Fuqarolar qurilish qoidalari buzilgani, uyga gazning zaharli havosi kirib, odamlar sog‘lig‘iga ziyon yetgani yuzasidan “Hududgaz poytaxt” va Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligiga murojaat qiladi. Lekin har ikki idora ham yo‘naltishni “O‘zshahar qurilish invest” MCHJga burib, unga murojaat qilish kerakligini aytib, masalani o‘z zimmalaridan soqit qilishga urinadi. Fuqaro Bekzod Akbarov chiqmagan jondan umid, deb 2021 yil 5 sentyabr kuni Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudiga murojaat qilgan. 

Biz muammo yuzasidan har ikki tomonni o‘rganish maqsadida “O‘zshahar qurilish invest” bilan ham bog‘landik. Ismini ochiqlashni istamagan korxona sobiq yuristining ma’lum qilishicha, barchasi sudda aniq bo‘lgan.

Masala sudda ko‘rib chiqilgan. Sudda mutaxassislarning fikri eshitilgan. Toshkent shahar “SES” markazidan odamlar kelgan. Barchasi aniq.  Agar fuqaro sud natijalaridan norozi bo‘lsa, marhamat, yuqori turuvchi sudlarga murojaat qilsin”, dedi ismini ochiqlashni xohlamagan sobiq yurist.

Xalqda shunday gap bor: yolg‘iz otning changi chiqmas, changi chiqsa ham dong‘i chiqmas! Bugun butun Toshkent bo‘yicha, ehtimol, butun O‘zbekiston bo‘yicha faqat birgina fuqaro tutunga qarshi kurashga otlangan. Afsuski, uning bu kurashini na fuqarolar, na mas’ul davlat organlari qo‘llab-quvvatlagan. Biz esa imkon qadar mavzuni tahlil qilishga, muammoning changini yoki dong‘ini chiqarishga harakat qildik.


Maqola muallifi

Teglar

Ortiqxo'jaev Kozim To'laganov dudbo'ron tutundan zaharlanish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing