Qahraton qish Yaponiyada ham o‘z qahrini ko‘rsatmoqda
Olam
−
25 yanvar 2023
10805Avval xabar berganimizdek, ob-havoning pasayishi Xitoyda rekord darajaga chiqqan edi.
Endilikda Yaponiya ham mavsumning eng qattiq sovug‘i bilan kurashishga majbur bo‘lmoqda. Mamlakatda poyezdlar va transport vositalari qotib qolgan. Qishki bo‘ronlar olib kelgan qiyinchiliklar insonlar o‘limiga ham sabab bo‘lmoqda. Bu haqda “Japan Today” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, Yaponiyaning ayrim hududlarida rekord darajadagi sovuq harorat kuzatilgan. Yapon dengizi va Tinch okeani sohilidagi pasttekisliklarga qor yog‘ishi ortidan ob-havo agentligi insonlarni dengizlar va muzli yo‘llardan foydalanishda ogohlikka chaqirgan.
Shuningdek, Yaponiyaning g‘arbiy qismidagi Kioto va Shiga prefekturalarida mahalliy poyezd xizmatlaridan foydalanayotgan minglab odamlar ob-havoning keskin sovushi oqibatida bir kecha-kunduz vagonlar yoki stansiyalarda qolishga majbur bo‘lgan.
Noqulay ob-havo sharoitlari sabab Oita prefekturasida bir nafar, Okayama prefekturasida ikki nafar va Niigata prefekturasida yana ikki nafar shaxs halok bo‘lgan.
Yaponiya meteorologiya agentligi esa izg‘irin ob-havo 26 yanvargacha davom etishi kutilayotgani haqida ogohlantirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Yaponiyada shiddatli qish shamollari sabab bortiga yog‘och ortilgan kema cho‘kib ketgani haqida xabar berilgan edi.
Alibek Beyjanov