“Baxti Tashkentskiy” ning o‘g‘illari ham qo‘lga olindi
3-sahifa
−
25 dekabr 2023
14954So‘nggi vaqtlarda suhbatlarning asosiy mavzusiga aylangan “ushla-ushla”lar hali ham davom etmoqda. Ushbu tadbirlar davomida yuzlab odamlar ushlandi, yana o‘nlab shaxslar qidiruvga berildi.
Jumladan, “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlari davomida poytaxt Toshkentda qo‘lga olingan olti kishining orasida “Baxti Tashkentskiy” nomi bilan tanilgan kriminal avtoritet Baxtiyor Qudratullayevning ikki nafar o‘g‘li ham bor.
Ulardan biri, 27 yashar Ixtiyor Qudratullayev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi (Tovlamachilik) bilan ayblanib, qo‘lga olingan.
Shuningdek, hibslanganlar ro‘yxatidagi 1994 yilda tug‘ilgan Begzod Baxtiyorovich Zafarov ham “Baxti Tashkentskiy”ning o‘g‘li ekani aytilyapti. U Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi bilan ayblanmoqda.
Shuningdek, Toshkentda davom etayotgan jinoiy olamga kurash tadbirlarida birinchi marta ayol kishi qo‘lga olindi. U 1983 yilda tug‘ilgan Nargiza Rustamovna Jumaniyazova. Ayol Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda gumonlanmoqda.
Bundan tashqari, qamoqqa olinganlar orasida Jahongir Badalov, Sherali Sulaymonqulov, Akmaljon Tursunboyevlar ham bor. Ular 165 moddaning 2- yoki 3-bandlari bilan qo‘lga olingan.
Shuningdek, poytaxtda davom etayotgan “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlari doirasida yana sakkiz kishi qo‘lga olindi. Jumladan, Yuldoshev Doniyor, Alimov Fazliddin, Quvatov Shavkat, Tulaganov Nuriddin, Sotvoldiyev Ilxom, Yunusov Doniyor, Erkinov Baxtiyor, Maxmudov Umid ismli shaxslarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda tergov davom etmoqda.
Yodingizda bo‘lsa, 18 dekabr kuni og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda gumonlanayotgan 3 nafar shaxs qochib ketgandi. Oradan bir kun o‘tib qidirilayotganlardan ikki nafari Rustam Umarov va Tohirjon Pattayev ushlangan. Ammo 3 shaxsni topish ko‘proq vaqt oldi. Shu sababli uchinchi jinoyatchini topgan odamga 40 mln so‘m mukofot e’lon qilingan edi. 24 dekabr sanasiga kelib, ushbu jinoyatchi, Akromjon Abdullayev ham topilgan. Ma’lum bo‘lishicha, u Toshkent tumani Oqtom qishlog‘i hududida qamishlar orasida bekinib yotgan joyida qo‘lga olingan.
Shunga qaramay, hozir ham 4 nafar shaxs qidirilmoqda. Bildirilishicha, ular Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi (juda ko‘p miqdorda tovlamachilik) bilan ayblangan.
Bildirilishicha, Doniyor Mamajonov, Abdulla Muhamedov, Jamshid Soliyev va Husan Isamitdinov jinoyat sodir etib, yashiringani aniqlangan va ularga nisbatan qidiruv joriy qilingan.
Ma’lumot uchun, shu vaqtga qadar “Baxti Tashkentskiy” laqabli Baxtiyor Qudratillayev, “Saidaziz medgorodok”, “Buzruk”, “Zavxoz”, “Ziki eski shahar” kabi o‘zini "ko‘cha bolalari" sifatida namoyon qilishga uringan yigitlar qo‘lga olingan. Bundan tashqari, Dilshod Sharipov, Anvar Mirzaxonovlarning ushlangani haqida ham rasmiy xabar berildi. Ularga nisbatan boshlangan tergov ishi hali ham davom etmoqda. Ayni vaqtdagi vaziyat haqida hali qo‘shimcha ma’lumotlar berilganicha yo‘q.