“Qizillar jangi”dan so‘ng Sulsherga ishonch qanday?

Sport

image

Ko‘pchilikning fikricha MYU ning Liverpulga qarshi o‘yini qizil iblislarning vaqtinchalik bosh murabbiyi bo‘lib turgan Sulsherning klubda keyingi mavsum ham qolish yoki qolmasligini belgilab berishi kerak edi.  Yuqori haroratli,  ammo biroz zerikarli o‘tgan “qizillar jangi”dan so‘ng uning klubda qolishi to‘la oydinlashib ulgurmadi, bizningcha… 

Premer liganing deyarli har bir turida markaziy o‘yinlar kuzatilgani sababli, keyingi markaziy o‘yin haqida faqatgina kelasi turning rasmiy anonsi berilgachgina bilib olamiz. Masalan, Ispaniyada bunday holatlar deyarli kuzatilmaydi,  ya’ni ispan premerosida markaziy o‘yin deganda, har qanday muxlisning ko‘z o‘ngida birgina “el-klassiko” gavdalanadi. “Yilda bir marta bo‘lar – prezident archasi” kabi bu “el-klassiko” ham premer doirasida bir mavsumda ikki marta bo‘lib o‘tadi, xolos. Buni ham ispan futboli muxlislari mavsumga qur’a tashlangandayoq qaysi sanalarda bo‘lib o‘tishini yodlab olib, bir-biriga ming martalab eslatishadi. 

Angliyada esa oltita grand klublarning o‘zaro o‘yinlari (yakunda qarama-qarshilik g‘olibligi kafolatlanmagan qiziqarli uchrashuvlar) butun mavsum bo‘ylab 30 tani tashkil etadi.  Bu har bir tur uchun deyarli bitta markaziy bahs muxlislarni kutib turibdi degani, qolaversa, premer ligada o‘rtamiyona klublar ham o‘zaro hisob-kitob paytida har qanday grand klubni boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘yishi mumkin. Shu sababdan mavsum avvalida ushbu oltilikning ashaddiy ishqibozlari ham chempionat davomida suyuklilari qaysi sanada kimga qarshi maydonda saf tortishlarini oldindan aytib berolmaydilar... 

O‘tgan haftada katta o‘yinlar musobaqasi Yevropa chempionlar ligasi bahslarini hammamiz katta qiziqish bilan kuzatib borganimiz rost. Lekin shu o‘yinlarni kuzatar ekanmiz, baribir hafta yakunida premer liga doirasida bo‘lajak – “Titanlar jangi”ni bir zumga bo‘lsada xayolimizdan chiqara olmadik. Buning o‘ziga xos sabablari bor ediki, muxlislar hafta yakunini intiqlik bilan kutishdi. APLning eng qadimiy ikki izzattalab grandi o‘rtasidagi qarama-qarshiliklar har doim ham yuqori haroratli – “olovli bahs”larga aylanib ketgan.  Ammo bu galgisi jamolarning hozirgi holati bo‘yicha “avvalgilarga o‘xshamas” edi.  

Birinchi davrada “Enfild”da o‘tkazilgan o‘yin hali hamon futbolga befarq bo‘lmagan har bir muxlisning yodida bo‘lishi tabiiy. Eslaganingizdek, o‘sha bahsda Yurgen Klopp boshchiligidagi liverpullik “qizillar” Manchesterdan kelgan “qizil iblislar”ni grandlarga xos tarzda siylab, ortga qaytargan edi (o‘sha bahs 3:1 hisobda mezbonlar foydasiga yakun topgan). Eng yomoni esa, aynan shu mag‘lubiyatdan so‘ng MYU rahbariyati beqarorlikdan charchamayotgan Mourinoni ishdan haydab soldi va uning o‘rniga “kulib turuvchi jallod” – Ole Gunnar Sulsherni “Old Trafford”ga qaytardi.  

Avvaliga bu qaytishni rahbariyat jamoa shunchaki mavsumni uning qo‘l ostida yakuniga yetkazib qo‘yish uchun yechim deb hisoblagan edi. Negaki, bu tayinlovdan keyin klub direktori Vudvord kelasi mavsum uchun Manchesterda ishlay oladigan, eng muhimi kerakli natija keltiradigan yangi murabbiy axtarishni boshlab yuborgan edi. Lekin dekabrdan buyog‘iga uch oy davomida bor-yo‘g‘i bir martagina mag‘lubiyatga uchrab, bir marta durrang qayd etgan Sulsherning g‘alabali yurishlari nafaqat rahbariyat, balki butun futbol olamida o‘ziga nisbatan katta qiziqishga sabab bo‘la oldi. E’tiborlisi premer ligada uni mag‘lubiyatga uchrata oladigan mard hali topilmayapti.  Endi MYU egalari yana aldanib qolmaslik uchun murabbiyning grand klublarga qarshi bahslarda nima qila olishini kuta boshladi.  Buni qarangki,  Sulsher katta o‘yinlarda ham yomon ko‘rinmayapti.  Avvaliga chemponatda Totenhem, keyinchalik kubokda “Arsenal” va “Chelsi”ni safarda ishonchli tarzda yenga olgan jamoa kecha chempionlikni asosiy maqsad sifatida ko‘rayotgan “Liverpul” bilan durrangga erishdi.  

MYUning o‘z uyidagi durrang natijasi biroz qoniqarsiz tuyulishi mumkin, ammo hujumlarda o‘ta xavfli raqib sanaladigan “Liverpul” kecha raqib jarima maydoni atrofida hech narsa qila olmaganini hisobga oladigan bo‘lsak, bu natija YeCHL yo‘llanmasi uchun kurashayotgan “qizil iblislar”ni to‘la qoniqtiradi.  

Ana endi o‘yin va uning atrofidagi gap-so‘zlarga e’tibor qaratsak. Deyarli teng kurashlar ostida bo‘lib o‘tgan bahsda Sulsher shogirdlari bir xilda tartib bilan harakat qilishdi. O‘yin manchesterliklar nazorati ostida, ular tuzgan reja bo‘yicha bo‘lib o‘tdi, go‘yo. Ammo millionlab ishqibozlar norvegiyalik mutaxassisdan bu gal ham g‘alaba kutishayotgandi. Ayniqsa, "Manchesterning ikkinchi yarmi shu kuni eng ashaddiy raqiblariga jon kuydirib muxlislik qilishdan uyalishmadi. Sababi oddiy, agar “Liverpul” mag‘lubiyatga uchrasa, “Manchester siti” turnir jadvalida birinchi o‘rinda qolar edi. Bu holat yuz bermagan bo‘lsa-da,  MYU muxlislari kecha o‘z suyuklilaridan norizo bo‘lishmadi.

O‘yin atrofida esa bahs-munozara qizg‘in tus olmoqda. MYU afsonasi Ser Aleks Fergyuson va uning bir guruh tarafdorlari Sulsherga to‘laqonli shartnoma taklif etish kerak, deb hisoblashmoqda. Negaki, hozirga kelib jamoaning o‘yinlari ham ichki muhiti ham juda ajoyib holatda.  Rahbariyat esa hozircha mum tishlab turgan bo‘lsada,  yangi murabbiy ham qidirishmayapti. Bizningcha, ular Manchester derbisini kutishmoqda.  Aynan mana shu o‘yindan keyin katta ehtimol bilan Sulsherning kelajagiga oydinlik kiritiladi. Zero, kulib turib “Orzular teatri”dagilarning aql-hushini o‘g‘irlayotgan murabbiyning Gvardiola “tiki-takasi” oldida o‘zini qanday tuta olishini ko‘rish hammamiz uchun birdek qiziq. 
 


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Liverpul Sul'sher Manchester Yunaytedning

Baholaganlar

26

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing