Premer-liganing yozgi transfer xarajatlari tarixiy rekordni yangiladi
Sport
−
02 Sentabr 2406 2 daqiqa
Angliya Premer-ligasi klublari 2025 yilgi yozgi transfer oynasida mislsiz xarajatlar qildi. Yoz bo‘yi amalga oshirilgan bitimlar umumiy miqdori 3,087 milliard funt sterlingni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich nafaqat o‘tgan yilgi (1,96 milliard funt) yozgi transfer xarajatlarini keskin ortda qoldirdi, balki Bundesliga, La Liga, Liga 1 va A Seriya kabi yirik chempionatlar jamlanmasidan ham ko‘proq bo‘ldi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.
Rekord summaga erishilishiga Aleksandr Isakning “Nyukasl”dan “Liverpul”ga 125 million funt evaziga o‘tishi sabab bo‘ldi. Bu bitim nafaqat Angliya, balki butun Britaniya transfer tarixida yangi rekord sifatida qayd etildi.
Transfer oynasining so‘nggi kuni odatdagidek qizg‘in o‘tdi, biroq eng katta shov-shuvli yangiliklar uning yopilganidan keyin ma’lum qilindi:
- “Nyukasl” Isakning ketishini qoplash uchun “Brentford” hujumchisi Yoan Vissani 55 million funtga sotib oldi.
- “Fulxem” “Shaxtyor”dan braziliyalik himoyachi Kevinni 34,6 million funtga olib, klub tarixidagi eng qimmat transferni amalga oshirdi.
- “Manchester Yunayted” “Antverpen” darvozaboni Senne Lammensni 18,1 million funtga sotib oldi. Shu bilan birga, Jeydon Sancho “Aston Villa”ga bir mavsumga ijaraga berildi, u yerda u “Liverpul” yarim himoyachisi Xarvi Elliot bilan jamoadosh bo‘ldi.
- “Tottenxem” PSJ hujumchisi Randal Kolo Muanini ijaraga oldi.
- “Arsenal” esa Leverkuzenning “Bayer” klubidan himoyachi Pero Inkapeni mavsumiy ijaraga qo‘shib oldi.
- Yangi ko‘tarilgan “Sanderlend” bo‘lsa, faol xaridlarni davom ettirib, “Ayaks” hujumchilari Brayan Brobbi va Bertran Traoreni, shuningdek, “RB Leypsig” himoyachisi Lutsharel Geertruidani bir mavsumga ijaraga oldi.
Mutaxassislar Premer-ligadagi bu shiddatli transfer faolligini bir necha omillar bilan izohlamoqda:
- Teletranslyatsiya huquqlari uchun tuzilgan milliardlab funtlik shartnomalar;
- Yevropa musobaqalarida yuqori natija ko‘rsatish istagi.
Shu tariqa, Premer-liga yana bir bor Yevropa futbol bozorida o‘zining moliyaviy qudratini ko‘rsatdi. Endi esa futbol ixlosmandlari milliardlab funtlar evaziga tuzilgan jamoalar yangi mavsumda qanday natija ko‘rsatishini intizorlik bilan kutmoqda.
Eslatib o‘tamiz, so‘nggi shov-shuvli transfer “Arsenal”ning Ezini “Tottemxem”dan ilib ketgani bo‘lgan edi.
Jahongir Boltaboyev
Live
Barchasi