Ijtimoiy tarmoqda #men_Feruzaman fleshmobi boshlandi. Unga Saida Mirziyoyeva ham qo‘shildi
Jamiyat
−
08 avgust 2021
16775Ijtimoiy tarmoqlarda faollar ayollar o‘rtasida QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinovani qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Men Feruzaman” fleshmobi boshlatildi. Jamoatchilik vakillari, jurnalistlar, jamiyatda o‘z so‘zi va mavqeiga ega bo‘lgan ayollar #men_Feruzaman xeshtegi bilan video joylab, jurnalistlarga, ayollarga nisbatan tuhmat, ularning sha’nini toptashga bo‘lgan urinishlarni qoralmoqda.
Ushbu ommalashib borayotgan fleshmobga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisining o‘rinbosari, Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiya a’zosi Saida Mirziyoyeva ham qo‘shildi.
“Hurmatli jurnalist va bloger opalarim, singillarim! Sizning o‘tkir qalamingiz, kuchli zehningiz tahsinga sazovor. Bugungi bo‘lgan jirkanch voqea aslo shashtingizni so‘ndirmasin. Shantaj, bo‘htonlar sizni sindirib qo‘ymasin. Men siz bilanman. Men yoningizdaman. Men Feruzaman!”, deydi Saida Mirziyoyeva o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasiga joylashtirgan videosida.
“Men jurnalistman. Haqiqatning ko‘ziga tiq qaray olaman. Har qanday vaziyatda ham aytgan so‘zimdan qaytmayman. Nohaqliklarga jim qarab turolmayman, bu mening kasbim. Tuhmatlar, fitnalar, bosimlar bilan mening ovozimni o‘chirolmaysiz. Men Feruzaman!”, deydi jurnalist Shohira Hamro.
“Ijtimoiy tarmoqlarda bir jurnalist ayolning nomini, sha’nini bulg‘ashga harakatlar kuzatilyapti. Bu judayam tuban, judayam jirkanch xatti-harakatlardir. Men jurnalist, publitsist sifatida aytgan so‘zimiz har doim ham ma’qul kelmasligini yaxshi tushunaman. Biroq haqiqatning ovozini, jurnalistning ovozini shantaj bilan, tuhmat bilan o‘chirolmaysiz. Men Feruzaman!”, deydi bloger Shahnoza Soatova.
“Jamiyatda bo‘layotgan turli voqea-hodisalarga nisbatan o‘zimning shaxsiy fikrimni, mulohazalarimni bildirib borishni o‘z burchim, deb bilaman. Meni turli xil ig‘volar, bo‘htonlar, montaj qilingan videolar bilan ovozimni o‘chirolmaysiz. Men bugun Feruzaman!”, deydi iqtisod fanlari doktori, professor Barnogul Sanoqulova.
“Men jurnalistman. Kasbim sabab sizga noqulay bo‘lishim mumkin. Sizga yoqmasligim va sizni tanqid qilishim mumkin. Lekin tuhmat qilib, ig‘vo tarqatib, mening ovozimni o‘chirolmaysiz. Men Feruzaman!”, deydi jurnalist Aziza Qurbonova.
“So‘z erkinligi va erkin jurnalistikani tahdidlar, bosimlar yoki tuhmat bilan yengolmaysiz. Men jurnalistman va men Feruzaman!”, deydi “Rost24” internet-nashri jurnalisti Nozima Toshpo‘latova.
“Bugun bu ayol, ertaga yana boshqa ayollar hamda erkaklarga ham o‘tishadi. “Shes sekund”da masalamizni ba’zi dumi bosilganlar hal qilishi mumkin. Shuning uchun iltimos, provokatsiyaga berilmanglar va kelinglar, haqiqat uchun kurashadiganlarni qo‘llab-quvvatlaylik. Men Feruzaman!”, deydi bloger Aqidaxonim.
“Kasbim jurnalist. Shu orqali va qolaversa, mana shu Vatanning bir fuqarosi sifatida atrofdagi nohaqliklarga qarab turolmasligim va siz yo‘l qo‘yayotgan xato va kamchiliklarni aytib, sizga yoqmasligim mumkin. Lekin siz bugun turli tuhmat, tazyiq, bo‘htonlar bilan mening ovozimni o‘chirolmaysiz. Men Feruzaman!”, deydi jurnalist Dilobar Yoqubova.
Eslatib o‘tamiz, 7 avgust kuni ijtimoiy tarmoqrlarda QALAMPIR.UZ Bosh muharriri o‘rinbosari Feruza Najmiddinova haqida bo‘hton va tuhmatdan iborat video tarqatildi. Ushbu video avval Najmiddinovaning suratlari joylashtirilib, so‘ng Olmazor city hududidagi uylarning biri bolkonida sodir bo‘lgan erkak va ayol o‘rtasidagi ishqiy munosabat tasvirlari bilan montaj qilingan. Unda ushbu video qahramoni bo‘lgan ayol go‘yo QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinova ekani aytiladi.
Najmiddinovaning sha’nini toptash, obro‘sizlantirish maqsadida tayyorlangan ushbu video tez orada ijtimoiy tarmoqlardan o‘chirib yuborilishiga erishildi. Kecha holat bo‘yicha aybdorlarni topish va jazolash yuzasidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga murojaat qilindi. IIV, "Yuksalish" umummilliy harakati, Senat, AOKA va Jurnalistlar ijodiy uyushmasi mazkur ishni o‘z nazoratiga oldi.
LiveBarchasi