Izboskanda hokimlik o‘tkazgan ommaviy tadbir bo‘yicha munosabat bildirildi

Jamiyat

photo_2020-05-25_22-57-13

Avvalroq, Izboskan tumanida aholisi orasida koronavirus aniqlangani haqida xabar berilgan edi. So‘ngra aniqlanishicha, ushbu tumanda bir kun avval karantin qoidalariga zid ravishda ommaviy tadbir o‘tkazilgan. shu munosabat bilan Andijon viloyati hokimligi Matbuot xizmati rasmiy munosabat bildirib chiqdi.

“Joriy yilning 25 may kuni Izboskan tumanida o‘tkazilgan hamda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan “Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam” piyoda yurish aksiyasi yuzasidan Andijon viloyati hokimligi Matbuot xizmati quyidagilarni ma’lum qiladi:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 21-22 may kunlari Andijon viloyatiga tashrifi davomida “Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam” loyihasini amalga oshirish yuzasidan alohida topshiriq va takliflar berilgan.

Shunga asosan, joriy yilning 25 may kuni Izboskan tumanida o‘tkazilgan aksiya karantin tartib-qoidalariga qat’iy rioya qilingan holda, tuman Davlat sanitariya epidemiologiya osoyishtalik markazi mutaxassislarining maxsus nazorati ostida tashkil etildi.

Bundan tashqari, aksiya o‘tkaziladigan hududda, aksiya boshlanishidan oldin zararsizlantirish guruhi tomonidan zararsizlantirish ishlari olib borilgan.

Shuningdek, tadbir avvalida barcha aksiya ishtirokchilarini maxsus tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, antiseptik vositalari bilan dezinfeksiya qilingan holda ishtirok etishga ruxsat berilgan.

2020 yil 24 may kuni tumanning Jonobod MFY hududida yashovchi fuqaroda koronavirus kasalligi borligi aniqlangan bo‘lib, shu kunning o‘zida ushbu hudud tezkorlik bilan karantinga olingan.

Ma’lumot uchun; Jonobod MFY tuman markazidan 4 km, aksiya o‘tkazilgan hudud (Kuygan yor MFY)dan 10 km uzoqlikda joylashgan bo‘lib, tashkil etilgan piyoda yurish aksiyasida ushbu hududdan hech kim ishtirok etmaganligini ma’lum qilamiz“, deyiladi bayonotda.

Lekin, ushbu bayonotda karantin qoidalari qopol ravishda buzilishi yuzasidan hech qanday izoh keltirilmagan. Eslatib o‘tamiz, Izboskanda o‘tkazilgan ommaviy tadbir davomida kamida 2 ta karantin qoidasi buzilgan. Biri ijtimoiy masofa saqlash bo‘lsa, ikkinchisi ommaviy tadbir o‘tkazishga qo‘yilgan taqiq.


Maqola muallifi

Teglar

Izboskan

Baholaganlar

196

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing