Izboskan tumani hokimligi karantin qoidalarini mensimaydimi?
Jamiyat
−
26 may 2020
9361Avvalroq, Andijon viloyati Izboskan tumanida aholi orasida koronavirus aniqlangani haqida xabar berilgan edi. Izboskan tumani hokimligining matbuot xizmati e’lon qilgan fotosuratlarda esa ushbu tumanda bir kun avval, 25 may kuni ommaviy tadbir uyushtirilganini ko‘rish mumkin.
Tuman O‘zbekistonga koronavirus infeksiyasini kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan may oyining boshida "yashil" hudud qilib belgilangan edi. Biroq yashil hudud va umuman har qanday toifadagi hududlarda amalda saqlanib qolgan talablar mavjud. Ijtimoiy masofani (2 metr)ni saqlash va barcha turdagi ommaviy tadbirlar, oilaviy tantana, to‘y, ma’raka va marosimlarni (dafn marosimlari 10-15 kishidan ko‘p bo‘lmagan hollar bundan mustasno) o‘tkazmaslik shular jumlasidandir.
Biroq, Izboskan tumanidagi ayni holat yuqoridagi talablarni qo‘pol ravishda buzish orqali amalga oshirilgan. Birinchidan, ommaviy tadbir o‘tkazilgan va bunda 15-20 kishidan ortiq odam qatnashgan. Ikkinchidan, ijtimoiy masofa saqlashga umuman amal qilinmagan.
Hozirda butun Respublika bo‘ylab karantin qoidalariga amal qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilayotgan bir vaqtda, rasmiy tashkilotlarning bunday holatni yuzaga keltirishini qanday tushunish mumkin? "Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam" yozuvi esa Respublikada amal qilayotgan "Uyda qoling" shiorini aksini anglatmaydimi?
Jamoatchilik qiziqayotgan asosiy savol shundan iboratki, karantin qoidalariga zid ravishda tashkillashtirilgan ushbu ommaviy tadbir tashkilotchisi bo‘lgan tuman hokimligiga nisbatan chora ko‘riladimi?
Hozircha hokimlik ushbu holatga rasmiy izoh berganicha yo‘q.
LiveBarchasi