Italiyada 40 yildagi eng kuchli zilzila sodir bo‘ldi
Olam
−
17:32 1714 2 daqiqa
Kecha, 31 iyul kuni Italiya janubida – Neapol va uning atrofida 4,7 magnitudali yer silkinishi sodir bo‘ldi. Oqibatda kamida 21 kishi jarohatlandi. Bu haqda “Corriere Del Mezzogiorno” xabar berdi.
“Hozirga kelib jarohatlanganlar soni 21 kishini tashkil etmoqda, ulardan ikki nafari og‘ir ahvolda”, deyiladi xabarda.
Milliy geofizika va vulkanologiya instituti ma’lumotlariga ko‘ra, yer silkinishi butun shahar va uning atrofida, ayniqsa, epitsentr joylashgan Flegrey maydonlari hududida – Neapoldan 6 km uzoqlikda aniq sezilgan.
Zilzila mahalliy vaqt bilan soat 19:46 da sodir bo‘lgan. Bu Potssuoli hududida so‘nggi 40 yil ichida – bu yerda bradiseysmik faollik (yer po‘stining sekin ko‘tarilishi yoki cho‘kishi) qayta boshlanganidan beri qayd etilgan eng kuchli silkinishdir. Mahalliy vaqt bilan soat 22:00 atrofida yana bir kuchsizroq – 3,8 magnitudali silkinish yuz bergan.
Turarjoy binolariga shikast yetgan, shuningdek, yuqori kuchlanishli elektr ustuni qisman qulab tushgan, buning oqibatida Fuorigrota va Banoli tumanlari elektrsiz qolgan. Bundan tashqari, poyezdlar harakati vaqtincha to‘xtatilgan.
Solfatara vulqoni hududida tog‘ tizmasining bir qismi o‘pirilib tushgan. Potssuoli porti unga olib boruvchi yo‘llarda yoriqlar paydo bo‘lgani sababli yopilgan. Hokimiyat organlari yordam ko‘rsatish punktlarini tashkil etgan, aholiga suv va eng zarur buyumlar tarqatilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaponiyaning janubidagi Kumamoto prefekturasida 7,1 magnitudali zilzila sodir bo‘lgandi. Zilzila ortidan mamlakatning janubidagi Kyusyu oroli hududlari uchun sunami va favqulodda ogohlantirishlar e’lon qilingan.
Live
Barchasi