Italiya Rossiya gazidan butunlay yuz o‘girmoqchi
Olam
−
21 dekabr 2022
4685Italiya Tashqi ishlar vaziri Antonio Tayani Rimning Rossiya gazidan butunlay voz kechish niyatini tasdiqladi.
“Italiya butun Yevropaning o‘zi uchun energiya markaziga aylanishni istaydi. Biz Rossiya gazidan foydalanmaslikka qaror qildik, lekin Turkiya bilan muammo yo‘q", deydi u Rossiya va Turkiya o‘rtasidagi gaz loyihasi haqidagi savolga javob berar ekan.
Italiya o‘zining tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyojining 40 foizini ta’minlash uchun Rossiya gazidan foydalangan. Rasmiylarning ta’kidlashicha, ular allaqachon bu raqamni ikki baravar kamaytirgan.
Turkiyada “Shimoliy oqim” orqali yo‘qolgan tranzit hajmi qayta yo‘naltirilishi mumkin bo‘lgan Yevropadagi eng yirik gaz xabini yaratish g‘oyasi bilan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin yaqinda bo‘lib o‘tgan “Rossiya energetika haftaligi” forumida so‘zladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, gap Turkiyada yana bir gaz quvurlari tizimini qurish va xab yaratish imkoniyati haqida bormoqda, agar ular bundan manfaatdor bo‘lsa, uchinchi davlatlarga, birinchi navbatda, Yevropaga gaz yetkazib beriladi.
13 oktyabr kuni Ostonada bo‘lib o‘tgan Rossiya va Turkiya Prezidentlarining muzokaralarida Turkiyada gaz xabi yaratish masalasi muhokama qilingan edi. Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, markazni eng qisqa vaqt ichida tashkil etish rejalashtirilgan, uning uchun eng mos joy Turkiyaning Yevropa qismidagi Frakiya mintaqasidir.
Erdo‘g‘an turkman gazini ham Ozarbayjon yordami bilan Kaspiy dengizi orqali Turkiyaga olib kelib, so‘ng uni Yevropa mamlakatlariga pullashni rejalashtiryapti. Shu maqsadda 14 dekabr kuni Turkmanboshi shahrida Turkiya-Ozarbayjon-Turkmaniston Prezidentlarining birinchi uch tomonlama sammiti bo‘lib o‘tdi. Sammitdan so‘ng Erdo‘g‘an Energetika vazirligi rahbariga bir oy muddatda turkman tabiiy gazini Yevropaga eksport qilish masalasini ishlab chiqishni topshirganini aytdi.
LiveBarchasi