Italiya Prezidenti Olimpiada davrida urushlarni to‘xtatishga chaqirdi

Sport

image

2026 yilgi Milan-Kortina qishki Olimpiya o‘yinlari “hozirgi og‘ir davrda” tinchlik uchun imkoniyat bo‘lishi kerak. Bu haqda bugun, 3 fevral kuni Italiya Prezidenti Serjo Mattarella Milandagi “La Skala” teatrida Xalqaro Olimpiya qo‘mitasining 145-sessiyasi ochilishida so‘z ochdi.

“Biz qat’iyat bilan Olimpiya sulhi butun dunyoda hurmat qilinishini talab qilamiz. Sportning qurolsiz kuchi qurollarni jim qilsin”, deydi Prezident.

Uning aytishicha, urushlar, xalqaro hayotdagi osoyishtalikni parchalovchi ziddiyatlar, nomutanosibliklar va azob-uqubatlar zulmat olib keladi va xalqlarning vijdonini jarohatlaydi. Sport esa, aksincha, bag‘rikenglikni mujassam etadi, quvonch, ehtiros, umid va boshqalarga hurmatni yaratadi va eng muhimi kim tomonidan sodir etilishidan qat’i nazar zo‘ravonlik yana zo‘ravonlikni keltirib chiqarishiga, inson qadr-qimmatini poymol etishiga, xalqlarni ezishiga va ularning hayot sifati orqaga ketishiga qarshi turadi.

Mattarellaning so‘zlariga Italiya Milliy Olimpiya qo‘mitasi prezidenti Luchano Buonfiglio va “Milano–Kortina” jamg‘armasi rahbari Jovanni Malago hamohang fikrlar bilan javob qaytargan.

“Qadimgi Olimpiya sulhi mojarolarni chetga surishni talab qilgan. Afsuski, bugungi voqelik bizni noaniqlik ichida qoldirmoqda, biroq Olimpiya harakati tinchlik yo‘lida mayoq bo‘lib turishi shart. Olimpiya mash’ali titramaydi, aksincha, bizni birlashishga chorlaydi, deydi Buonfiglio.

Ma’lumot uchun, bo‘lajak qishki Olimpiya o‘yinlari joriy yilning 6-22 fevral kunlari Italiyaning Milan hamda Kortina-d’Ampetsso shaharlarida o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston delegatsiyasi Milan-Kortina – 2026 qishki Olimpiya o‘yinlari uchun 4 ta yo‘llanma qo‘lga kiritgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Olimpiada Serjo Mattarella

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing