Italiya Bosh vaziri O‘zbekistonda to‘xtab o‘tdi
Jamiyat
−
01 avgust
8570Italiya Bosh vaziri Jorjiya Meloni kecha, 31 iyul kuni O‘zbekistonda to‘xtab o‘tdi. Uni Toshkent aeroportida Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov kutib oldi. Bu haqda vazir o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida yozdi.
"Toshkentda qisqa to‘xtab o‘tgan Italiya Vazirlar kengashi Raisi Jorjiya Meloni Xonim Oliyalari bilan ko‘rishganimizdan mamnunmiz. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylarining samimiy salomlarini yetkazdik. O‘zbekiston-Italiya strategik sheriklik aloqalari kun tartibi keng qamrovli bo‘lib, jadal sur’atlarda rivojlanmoqda", deb yozgan vazir Saidov.
Uchrashuvning boshqa tafsilotlari ochiqlanmagan.
Ma’lumot uchun, Jorjiya Meloni 28−31 iyul kunlari rasmiy tashrif bilan Xitoyda bo‘lgan va u yerdan ortga qaytayotib, Toshkentga qisqa muddatga to‘xtab o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning iyun oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Italiyaga borgan, noyabr oyida esa Italiya Prezidenti Serjo Mattarella O‘zbekistonga kelgandi.