ISW Kaxovka GESining portlashi kimga foyda keltirganini aytdi
Olam
−
07 iyun 2023
17680Kecha, 6 iyun kuni Kaxovka GESining portlashi ortidan Ukraina va Rossiya bir birini ayblashda davom etmoqda. Urushni o‘rganish instituti (ISW) tadqiqotchilari esa mazkur portlashda Ukrainadan ko‘ra Rossiya ko‘proq manfaatdor ekanini yozmoqda. Bu haqda institut tomonidan bugun, 7 iyun kuni e’lon qilingan hisobotda so‘z ochildi.
Tahlilchilarining ta’kidlashicha, hozirda GES portlashi ortida kim turgani haqida xolis ma’lumotlar yo‘q. Ikkala tomon ham bir-birini ayblasada, ISW mazkur holatga Moskva ko‘proq aloqador, deb hisoblaydi.
Qayd etish joizki, Rossiya, xususan, Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov tomonidan ilgari surilgan versiyaga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari qarshi hujumda maqsadlariga erisha olmagani sabab to‘g‘onni portlatgan. Tahlilchilar mazkur ssenariyni rad etib, o‘z dalillarini keltirgan.
“Ukraina qo‘shinlari hali keng ko‘lamli hujum operatsiyalarini o‘tkazmagani uchun bunga ishonish dargumon”, deydi tahlilchilar.
Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu esa Ukraina kuchlari Dneprning o‘ng qirg‘og‘idan o‘z qo‘shinlarini xavfsiz olib chiqib ketish va ularni sharqqa ko‘chirish uchun suv toshqini uyushtirganini da’vo qilgan. Institut tahlilchilarining ta’kidlashicha, bu ssenariy ham haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, chunki daryoning sharqiy (chap) qirg‘og‘idagi cheklangan Rossiya kuchlari himoya uchun Ukrainaning muhim harbiy ishtirokini talab qiladigan g‘arbiy (o‘ng) qirg‘oqqa jiddiy xavf tug‘dirmaydi. Tadqiqotchilarning fikricha, Rossiya tomonining o‘zi Dneprning pastki qismini suv bosishidan manfaatdor bo‘lgan.
“Rossiya suv toshqinidan Dnepr daryosini kengaytirish uchun foydalanishi va Ukrainaning allaqachon qiyin bo‘lgan suv havzasi bo‘ylab qarshi hujumga urinishlarini murakkablashtirishi mumkin. Rossiya manbalari Ukraina daryoni kesib o‘tishi va Xerson viloyatining sharqiy qirg‘og‘ida qarshi hujumga tayyorgarlik ko‘rayotganidan qat’iy xavotir bildirdi”, deyiladi ISW xulosasida.
Eslatib o‘tamiz, Kaxovka GESining portlashi ortidan Xerson viloyatida favqulodda holat joriy qilingandi. BMT Xavfsizlik kengashi ham mazkur masalani ko‘rib chiqdi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova esa Moskva o‘tgan yildayoq BMT Bosh kotibini Ukrainaning Kaxovka GESini yo‘q qilish rejalaridan ogohlantarganini bildirdi.
LiveBarchasi